Endi ishonch bilan aytish mumkin: sun’iy intellekt ish o‘rinlarini ommaviy ravishda yo‘q qilmayapti

Sun’iy intellekt yaqin yillarda millionlab ish o‘rinlarini yo‘q qilishi haqidagi taxminlar ko‘p bora yangradi. Ayrim kompaniyalar xodimlar shtatini qisqartirishni AI bilan izohladi, mutaxassislar esa kelajak kasblari haqida bahs qilmoqda. Biroq AQShdagi 21 mingdan ortiq kompaniya faoliyati tahlil qilingan yangi tadqiqot bu boradagi tasavvurlarni qayta ko‘rib chiqishga asos bo‘ladigan natijalarni taqdim etdi. Tadqiqotga ko‘ra, sun’iy intellektni faol va samarali joriy etgan kompaniyalarda nafaqat umumiy xodimlar soni, balki ayniqsa boshlang‘ich lavozimlarga ishga qabul qilish hajmi ham oshgan. Quyida Ramp Economics Lab tomonidan e’lon qilingan ushbu tadqiqotning asosiy xulosalari va tadqiqotchi Ara Kharazian izohlarining to‘liq tarjimasi bilan tanishishingiz mumkin. 
“Hech bo‘lmaganda umumiy tendensiya shunday. Albatta, bu aynan sizning kasbingizga ta’sir qilmaydi, degan kafolat emas” — Ara Kharazian.

So‘nggi o‘n yillikdagi eng muhim iqtisodiy savollardan biri shuki: sun’iy intellekt (AI) mehnat bozoriga qanday ta’sir qiladi?

Bu savolga javob topishga ko‘plab tadqiqotchilar urinmoqda. Ammo shu paytgacha hech kim buning uchun yetarlicha to‘liq va ishonchli ma’lumotlar bazasiga ega emasdi. Shu sababli mavjud tadqiqotlarning aksariyati taxminlar, so‘rovnomalar, kasblarning AI ta’siriga duchor bo‘lish darajasini baholovchi indekslar yoki manfaatdor tomonlarning fikrlariga tayangan.

Hatto yaqinda Stanford universiteti olimlari e’lon qilgan tadqiqotda ham AI'ning mehnat bozoriga ta’sirini aniq baholash uchun korxonalarning sun’iy intellektga sarf qilgan xarajatlari haqidagi ma’lumotlar eng maqbul manba ekani ta’kidlanib, bunga misol sifatida Ramp kompaniyasi ma’lumotlari keltirilgan. 

Bugun biz “Sun’iy intellektning ish o‘rinlariga ta’siriga yangicha nazar” nomli tadqiqot natijalari bilan tanishib chiqamiz. Tadqiqot Ramp kompaniyasining korxonalar kesimidagi AI xarajatlari haqidagi ma’lumotlari hamda Revelio Labs tomonidan yig‘ilgan xodimlar haqidagi ma’lumotlarni birlashtirish orqali amalga oshirilgan.

AQShdagi 21 mingdan ortiq kompaniya qamrab olingan tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, sun’iy intellektga faol investitsiya qilgan kompaniyalarda AI joriy etilganidan keyingi ikki yil ichida xodimlar soni o‘rtacha 10 foizga oshgan. Boshlang‘ich (entry-level) lavozimlardagi ishchilar soni esa 12 foizga ko‘paygan.

Tadqiqotning asosiy xulosalari

AI'ni faol joriy etgan kompaniyalarda ishchilar soni ikki yil ichida 10,2 foizga oshgan. Biroq bu o‘sish faqat AI'ga jiddiy sarmoya kiritgan korxonalarda kuzatilgan. AI'dan cheklangan darajada foydalangan kompaniyalarda statistika nuqtai nazaridan sezilarli o‘zgarish aniqlanmagan.

Eng katta AI investitsiyalarini amalga oshirgan korxonalarda boshlang‘ich lavozimlar bo‘yicha ishga qabul qilish 12 foizga oshgan.

AI'dan foydalanish ham, undan olinadigan iqtisodiy foyda ham barcha kompaniyalar o‘rtasida bir xil taqsimlanmagan. AI'ni joriy qilgan korxonalar odatda avvaldan yirikroq, muhandislik salohiyati yuqori, venchur kapital bilan moliyalashtirilgan va tez rivojlanayotgan kompaniyalar hisoblanadi. AI joriy etilgach esa ularning o‘sish sur’ati yanada tezlashgan.

AI joriy etilgach kompaniyalar ko‘proq xodim yollaydimi?

Bizning asosiy xulosamiz — ha. Sun’iy intellektdan foydalanishni boshlagan kompaniyalarda keyingi ikki yil davomida xodimlar soni o‘rtacha 10 foizga oshgan. Ammo bu natijaga oid ikkita muhim jihat mavjud.

Birinchidan, AI'dan foydalanish ma’lum darajadan yuqori bo‘lishi kerak. Natijalar faqat AI'dan intensiv foydalanadigan kompaniyalarda kuzatildi.

Tadqiqotda kompaniyalar AI xizmatlariga sarflayotgan mablag‘iga qarab uch guruhga ajratilgan. AI joriy etilgan dastlabki uch oy davomida har bir xodim hisobiga eng ko‘p mablag‘ sarflagan kompaniyalarning yuqori uchdan bir qismi sun’iy intellektdan intensiv foydalanuvchilar sifatida baholangan.

Bu, ehtimol, AI'dan samarali foydalanishni baholashning yagona mezoni emas. Ammo u biz o‘rganmoqchi bo‘lgan holatni yaxshi aks ettiradi.

Bunday kompaniyalar odatda bir nechta AI modellari bilan ishlaydi hamda oddiy chatbot obunalaridan tashqari kod yozuvchi AI agentlari, API xizmatlari va unumdorlikni sezilarli oshiruvchi ilg‘or vositalardan foydalanadi.

E’tiborli jihati shundaki, bu katta mablag‘larni anglatmaydi. Dastlabki uch oy davomida AI xarajatlari har bir xodim uchun oyiga taxminan 30 dollar atrofida bo‘lgan va keyinchalik oshib borgan. Ya’ni minglab dollar emas.

Ikkinchidan, AI samarasi darhol namoyon bo‘lmaydi. Kompaniyalarda xodimlar sonining o‘sishi AI joriy etilgach darhol emas, balki 6–12 oy o‘tgach kuzatila boshlaydi.

Buning sababi oddiy: yangi ish usullari avval xodimlar orasida ommalashadi, keyin jamoalar va tashkilotning ish jarayonlariga singadi. Faqat shundan keyingina AI kompaniya faoliyatini sezilarli darajada o‘zgartirib, biznesning kengayishi va yangi xodimlar yollanishiga olib keladi.

Boshlang‘ich lavozimlar bo‘yicha ishga qabul qilish jarayoni tezlashmoqda

Keyingi savol shunday edi: AI joriy qilgan kompaniyalar shunchaki ko‘proq odam yollayaptimi yoki ular boshqa turdagi xodimlarni izlayaptimi?

Tadqiqotda turli kasblar va ta’lim darajalari bo‘yicha tahlil o‘tkazildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, deyarli barcha yo‘nalishlarda xodimlar soni o‘sgan yoki hech bo‘lmaganda kamaymagan. Biroq bitta toifa alohida ajralib turgan — boshlang‘ich lavozimlar.

AI'dan intensiv foydalangan kompaniyalarda ushbu lavozimlar bo‘yicha ishga qabul qilish 12 foizga oshgan. 24 oylik kuzatuv yakuniga kelib, bunday kompaniyalarda boshlang‘ich lavozimdagi xodimlarning umumiy ishchi kuchidagi ulushi ham nazorat guruhiga nisbatan 1,15 foiz punktga ortgan.

Bu hozirgacha kuzatilgan eng muhim natijalardan biridir. Tadqiqotchilar fikricha, bunday kompaniyalar yangi ko‘nikmalarga ega nomzodlarni izlamoqda. Eng avvalo, sun’iy intellekt vositalaridan samarali foydalana oladigan yosh mutaxassislarni.

Shu sababli ular universitet bitiruvchilari va talabalarga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Ammo bu xulosa so‘nggi yillarda mehnat bozoridagi istiqbollari haqida asosan salbiy xabarlarni eshitib kelayotgan yoshlar uchun umid bag‘ishlaydi.

Mazkur tadqiqotni tayyorlash jarayonida suhbatlashilgan ko‘plab HR menejerlari ham aynan shu tendensiyani tasdiqlashgan.

AI'dan olinayotgan foyda hamma uchun bir xil emas

Tadqiqot davomida yana bir muhim holat aniqlandi. Sun’iy intellekt kompaniyalar orasida tasodifiy emas, balki ijtimoiy va biznes aloqalari orqali tarqalmoqda. Bu esa ayrim hollarda iqtisodiyot uchun optimal bo‘lmagan natijalarga olib kelishi mumkin.

Masalan, kompaniyaning qaysi investor tomonidan moliyalashtirilgani AI'dan foydalanishni bashorat qilishda uning qaysi sohada ishlashidan ham kuchliroq omil bo‘lib chiqdi.

Venchur kapital bilan moliyalashtirilgan kompaniyalar deyarli barcha sohalarda AI'dan faolroq foydalanmoqda. Hatto ayrim eski texnologik kompaniyalarga qaraganda ham.

Shuningdek, geografik omil ham seziladi. Masalan, Kaliforniya texnologik kompaniyalari AI'dan Nyu-Yorkdagi o‘xshash kompaniyalarga qaraganda faolroq foydalanmoqda. Buning asosiy sababi texnologiyaning ijtimoiy va professional tarmoqlar orqali tezroq tarqalishidir.

Kichik biznes uchun AI yanada katta imkoniyat yaratmoqda

Kichik korxonalar yirik kompaniyalarga nisbatan sun’iy intellektni kamroq joriy etadi. Ammo uni joriy qilgan taqdirda, AI imkoniyatlaridan ancha faol foydalanadi. 

Buning sababi ham tushunarli. Kichik biznesda odatda alohida dasturchilar jamoasi, moliya bo‘limi yoki tahlilchilar bo‘lmaydi.

Agar AI dastur yaratish, hujjatlar bilan ishlash, tahlil qilish yoki mijozlarga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytirsa, kompaniya ilgari faqat yangi xodim yollash orqali bajara oladigan vazifalarni endi mavjud jamoa bilan ham uddalay oladi.

Natijada kompaniya yangi xizmatlarni yo‘lga qo‘yadi, daromadini oshiradi va oxir-oqibat yana yangi ish o‘rinlarini yaratadi. Tadqiqotchilar fikricha, AI ayrim vazifalarni avtomatlashtirayotgan bo‘lsa ham, aynan shu mexanizm orqali kompaniyalar umumiy hisobda ko‘proq xodim yollashni boshlaydi. Oddiy qilib aytganda, AI kompaniyalarga ko‘proq ishni bajarish imkonini beradi.

Bu natijalar amalda nimani anglatadi?

Agar siz mehnat bozoriga endi kirib kelayotgan yosh mutaxassis bo‘lsangiz va imkoniyatlaringiz bir xil bo‘lgan ikkita kompaniya orasidan tanlayotgan bo‘lsangiz, AI'dan faol foydalanayotgan kompaniyani tanlang. Chunki bunday korxonalar tezroq rivojlanish ehtimoliga ega.

Agar siz dasturchi yoki muhandis bo‘lib, AI ish o‘rningizni egallab qo‘yishidan xavotirda bo‘lsangiz, ushbu tadqiqot buning aksini ko‘rsatmoqda. AI'dan faol foydalanayotgan kompaniyalar muhandislarni kamroq emas, aksincha ko‘proq ishga olyapti. Eng to‘g‘ri yo‘l — zamonaviy AI texnologiyalarini o‘rganish va ulardan samarali foydalanishni o‘zlashtirishdir.

Agar siz biznes egasi bo‘lsangiz va AI'ni sinab ko‘rib, kutilgan natijani olmagan bo‘lsangiz, darhol xulosa chiqarishga shoshilmang. Tadqiqot natijalari AI'dan sezilarli foyda olish uchun uni ish jarayonlariga keng joriy etish va buning samarasini kutish uchun ma’lum vaqt kerak bo‘lishini ko‘rsatmoqda.  Demak, dastlabki muvaffaqiyatsizlik odatiy hol bo‘lishi mumkin, ammo bu yakuniy natija emas.

AI'dan eng samarali foydalanayotgan kompaniyalar o‘z tajribalarini odatda oshkor qilmaydi. Shu sababli eng yaxshi amaliyotlarni o‘rganishning asosiy yo‘li — tajriba qilish va izlanishni davom ettirishdir.

Va nihoyat, agar ayrim rahbarlar ommaviy ishdan bo‘shatishlarni AI bilan izohlayotganini ko‘rsangiz, bunday bayonotlarga tanqidiy yondashing.

calendar icon 03-07-2026 12:11

Boshqa Yangiliklar

Kirish