Nega ko‘pchilik talabalar ish topa olmaydi?

So‘nggi yillarda ko‘plab davlatlarda, jumladan O‘zbekistonda ham yoshlar va hatto oliy ma’lumotli mutaxassislar orasida “ish topish qiyin” degan fikr yangrayotganining tez-tez guvohi bo‘lamiz.

Bir tomondan esa ish beruvchilarning “kadr topish qiyin” degan fikrlari ham qulog‘imizga chalinib qoladi. Xo‘sh, bu qarama-qarshilikning asl sabablari nimada? Rostdan ham O‘zbekiston sharoitida ish topish qiyinmi yoki ish bor-u, lekin munosib kadrlar yetishmovchiligi mavjudmi? Bugungi maqolamizda aynan shu masalalarga to‘xtalib o‘tamiz.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda umumiy ishsizlik darajasi 2024-yilda 4,49% atrofida bo‘lgan, ya’ni mehnat bozorida butkul ish yo‘q degan holat mavjud emas, balki ish va malaka o‘rtasida moslik muammosi bor. Yoshlar orasidagi ishsizlik esa 10,94% ni tashkil etadi, bu umumiy ishsizlikdan qariyb 2,5 baravar yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu natijalar esa aynan yoshlar ish topishda ko‘proq qiyinchilikka duch kelayotganini ko‘rsatadi. 


Yoshlar ishlari agentligi tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra har yili qariyb 700 ming nafar yosh mehnat yoshiga kirib kelmoqda, biroq yiliga atigi 300 mingga yaqin yangi rasmiy ish o‘rni yaratiladi. Bu esa ko‘plab bitiruvchilar tobora raqobat kuchayib borayotgan mehnat bozoriga kirib kelayotganini ko‘rsatadi.


Xo‘sh, muammo nimada?


Yoshlarning munosib ish topa olmasliklariga asosiy sabablardan biri sifatida ta’lim tizimi va mehnat bozori o‘rtasidagi nomutanosiblik yoki talabalarning hanuzgacha obro‘, ijtimoiy maqom va nisbiy barqarorlik bilan bog‘liq yo‘nalishlarni tanlashi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.


Ishga tayyor emas. Jahon banki va ILO tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, rivojlanayotgan davlatlarda bitiruvchilarning katta qismi ish beruvchilar talab qiladigan amaliy ko‘nikmalarga ega emas. Natijada diplom bo‘lsa ham, ularda ishga tayyorlik darajasi yetishmasligini ko‘rish mumkin. Bu holat global tendensiya bo‘lib, u ishsizlikning eng kuchli tarkibiy omillaridan biri hisoblanadi. 


Tajriba paradoksi. Bilamizki, ko‘plab ish e’lonlarida kamida 1–3 yillik ish tajribasi talab qilinadi. Bu esa yangi bitiruvchilar uchun javobi yo‘q bo‘lgan savolni keltirib chiqaradi: ish yo‘q, chunki tajriba yo‘q; tajriba yo‘q, chunki ish yo‘q. Natijada yoshlar uchun dastlabki mehnat bozoriga kirishda to‘siqlar vujudga keladi. 


Yumshoq ko‘nikmalar yetishmovchiligi. Bugungi ish beruvchilar yosh kadrlardan faqat diplom yoki soha bo‘yicha bilimlarni emas, balki kommunikatsiya, jamoada ishlash, vaqtni boshqarish va muammolarni hal qilish kabi ko‘nikmalarni ham talab qilmoqda.

Jahon banki va turli mehnat bozori tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, ish beruvchilar uchun “soft skills” ba’zan soha bo‘yicha mavjud bilimdan ham muhimroq bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, xizmat ko‘rsatish va IT sektorida bu farq yanada yaqqol ko‘zga tashlanadi.


Mehnat bozorining hududiy notekisligi. Ma’lumki, odatda asosiy ish o‘rinlarining katta qismi yirik shaharlarda, masalan Toshkentda jamlangan. Bu esa hududlar o‘rtasida kuchli migratsiya bosimini yaratadi va raqobatni keskin oshirib yuboradi. Natijada kichik shaharlarda ish kamligi, katta shaharlarda esa ortiqcha talab yuzaga keladi. 


Kasb tanlashdagi nomutanosiblik. Ko‘plab yoshlar hanuzgacha obro‘, ijtimoiy maqom va nisbiy barqarorlik bilan bog‘liq yo‘nalishlarni tanlamoqdalar. Natijada ta’lim va bandlik o‘rtasida nomutanosiblik kelib chiqmoqda.


Sun’iy intellekt ta’siri. SI mehnat bozorini sezilarli darajada o‘zgartirmoqda. Jahon iqtisodiy forumining prognozlariga ko‘ra, yaqin yillarda ko‘plab oddiy va takrorlanuvchi vazifalarga asoslangan kasblar qisqaradi, ularning o‘rniga esa raqamli, texnologik va yuqori malaka talab qiladigan yangi kasblar kirib keladi.


Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, sun’iy intellektning ta’siri kasbning “jismoniy yoki aqliy” ekanligiga qarab emas, balki uning avtomatlashtirilish darajasiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Masalan, katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish, matn yozish, tarjima qilish yoki standart qarorlar qabul qilish kabi vazifalar yuqori malakali kasblarda ham SI tomonidan tezroq avtomatlashtirilmoqda.


Shu bilan birga, hozircha jismoniy mehnatga asoslangan yoki tezkor qaror qabul qilishni talab qiladigan ishlarga sun’iy intellekt nisbatan kamroq ta’sir ko‘rsatmoqda. 


Ishsizlik muammosini qanday hal qilish mumkin? 


Ish topa olmaslik muammosini kamaytirish uchun talabalar o‘zini hozirdanoq ish jarayoniga tayyorlab borishlari kerak bo‘ladi. Buning uchun faqat oliygoh o‘quv dasturida belgilangan dasrlarning o‘zinigina o‘zlashtirib borish yetarli bo‘lmaydi. 


Ya’ni, talabalar o‘qish davrining o‘zidayoq amaliy tajriba yig‘ib borishi juda ham muhim. Buning uchun talabalar kamida 2–3 ta kichik loyihada ishtirok etishlari, turli xil tashkilotlarda amaliyot o‘tashlari, frilanserlik ishlarni sinab ko‘rishlari yoki ko‘ngilli ravishda boshqa ishlarda faol bo‘lishlari kerak. 


Eng muhimi — oddiy rezyume emas, balki o‘zlari amalda qilgan real ishlar portfoliosini yaratishlari kerak. Chunki ish beruvchi uchun qog‘ozdagi quruq so‘zlar emas, balki amalda qilingan ishlar muhimroq hisoblanadi.


Tajriba paradoksi muammosini yengishning eng to‘g‘ri yo‘li “katta tajriba bo‘lmasa ish yo‘q” degan fikrga yopishib qolmasdan, tajriba yig‘ishni kichik qadamlardan boshlashdir. Talabalar darrov katta lavozimdagi ishlarni qidirmasdan, avval internship, stajirovka, assistentlik yoki kichik frilanserlik topshiriqlardan boshlashi kerak. 


Ish tajribasini yig‘ishning yo‘li faqat rasmiy ish bilan cheklanmaydi, ko‘ngilli tarzda kompaniya yoki tashkilotlarning turli xil loyihalarida qatnashish, turli vazifalarda o‘zlarini sinab ko‘rish ham juda katta foyda beradi. Hatto haq to‘lanmaydigan amaliyot ham 3–6 oy ichida real tajriba berib, keyingi ishga kirish uchun eshik ochib beradi.


Bundan tashqari, talabalar turli xil kurslar va o‘quv dasturlarida o‘qib, olgan bilimlarini amaliy tajriba sifatida ko‘rsatishga harakat qilishi kerak. Masalan, kurs davomida qilingan loyihalar, topshiriqlar yoki keyslar ham portfolioga kiritilishi mumkin. 


Yana bir muhim yo‘l — mustaqil ravishda kichik loyihalarni boshlash va ularni boshqarib ko‘rish: blog yuritish, kichik biznesga yordam berish yoki IT, dizayn kabi sohalarda o‘z loyihasini yaratish. Eng muhim jihati shuki, tajriba faqat ish joyida emas, balki har qanday amaliy faoliyat orqali shakllanadi.


Yumshoq ko‘nikmalar yetishmovchiligini bartaraf qilish uchun faqat o‘qish yetarli emas, balki doimiy muloqot va real vaziyatlarda ishlash zarur. Talaba haftada kamida bir marta jamoaviy loyiha, taqdimot yoki debatda qatnashishi, o‘z fikrini aniq ifodalashni o‘rganishi kerak. Ish beruvchi uchun eng muhim narsalardan yana biri nomzodning gapirish uslubi, mas’uliyatni qabul qilishi va jamoada ishlay olishidir.


Mehnat bozorining hududiy notekislik sharoitida ish topish uchun faqat bitta shahar yoki bitta ofisga bog‘lanib qolish yaramaydi. Bugungi kunda eng tez rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biri bu masofaviy ish hisoblanadi. 


Talabalar IT, dizayn, tarjima, marketing, kontent yaratish kabi sohalarda onlayn ishlashni ham o‘rganib borishi kerak. Shu bilan birga, hududiy imkoniyatlardan foydalanish, mahalliy bizneslarda kichik amaliyot yoki hamkorlik qilish ham keyingi ish jarayoni uchun imkoniyat eshiklarini ochadi.


Kasb tanlashdagi nomutanosiblikni kamaytirish uchun talabalar kasbni “obro‘” yoki “moda” asosida emas, balki mehnat bozori talablaridan kelib chiqib tanlashi kerak. Buning uchun har bir soha bo‘yicha ish e’lonlarini tahlil qilish, qaysi kasblarga talab yuqori ekanini kuzatish va shunga qarab o‘z yo‘nalishini moslashtirishi zarur.

Masalan, IT, logistika, raqamli marketing va texnik kasblar bo‘yicha talab doimiy o‘sib bormoqda. Shu sababli, talaba o‘zini 4–5 yil keyingi bozor uchun tayyorlab borishi kerak.


Sun’iy intellekt ta’siri sharoitida eng katta xatolik — AI’dan qo‘rqish yoki uni inkor qilishdir.Shu sababli, talabalar sun’iy intellektni o‘zlariga raqobatchi emas, balki ishni yengillashtiradigan vosita sifatida o‘rganishi kerak. 


ChatGPT, avtomatlashtirish vositalari, analitik platformalar va turli raqamli instrumentlardan foydalanishni bilgan mutaxassislar mehnat bozorida tezroq ish topadi.

Chunki oddiy va takrorlanuvchi vazifalar kamayib bormoqda, lekin AI bilan samarali ishlay oladigan mutaxassislarga talab ortib bormoqda. Shuning uchun har bir talaba o‘z sohasida “AI bilan ishlay oladigan mutaxassis” darajasiga chiqishga intilishi kerak.


Xulosa qilib aytganda, bugungi mehnat bozorida muammo faqat ish o‘rinlari yetishmasligida emas, balki ta’lim, ko‘nikma va bozor talablari o‘rtasidagi nomutanosiblikda ham namoyon bo‘lmoqda. 


Endilikda diplomning o‘zi muvaffaqiyat kafolati bo‘la olmaydi. Kimki o‘qish davridayoq amaliy tajriba, yumshoq ko‘nikmalar, raqamli savodxonlik va bozorni tahlil qilish kabi odatini shakllantirsa, u kelajakdagi raqobatda ustunlikka ega bo‘ladi.

Eng muhimi esa tez o‘zgarib borayotgan mehnat bozoriga moslasha olish va doimiy o‘rganishni to‘xtatmaslikdir. 

calendar icon 20-05-2026 15:58
Kirish