Bugun, 4-aprel kuni Profi Universityning 4-kurs bitiruvchi talabalari ishtirokida Teach for Uzbekistan – O‘zbekistonda ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish ustida ish olib borayotgan notijorat tashkiloti bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda talabalarga mazkur loyiha to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi. Ta’kidlanishicha, ushbu loyiha ishtirokchilari ikki yil ichida respublikaning olis hududlardagi maktablarda o‘qituvchi sifatida ish tajribasini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Teach for Uzbekistan loyihasi sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan universitet bitiruvchilari dunyoning 60 dan ortiq mamlakatlarida samarali faoliyat yuritayotgan innovatsion metodologiya yordamida o‘qitiladi hamda ularga oylik ish haqidan tashqari 500 AQSH dollari miqdoridagi har oylik stipendiya ham to‘lab boriladi.
Tanlov ishtirokchilari besh bosqichli saralash jarayonidan o‘tadi. Nomzodlar professional rekruterlar tomonidan tanlanadi.
Birinchi bosqich — dastur saytida ariza to‘ldirish va motivatsiya xati yozish. Motivatsiya xatida ariza beruvchi nima uchun maktabda ishlamoqchiligi, viloyat maktabida ikki yil davomida dars bera olishiga nima sababdan ishonayotgani, qanday ko‘nikmalari borligi va qaysi tillarda gaplasha olishini ko‘rsatishi lozim.
Ikkinchi bosqich — bir soatlik onlayn suhbat bo‘lib, unda tanlov komissiyasi umumiy savodxonlik va nomzodning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshiradi. Ishtirokchidan qaysi fandan dars berishni xohlashi so‘raladi va tilni bilish darajasi tekshiriladi.
Uchinchi bosqichda — nomzodlar “yuzma-yuz” deb ataladigan bosqichdan o‘tadi. Ishtirokchilar sinov darslarini o‘tkazadi va mashqlarni bajaradi. Sinovlarning natijalari, Fyodor Sheberstovning aytishicha, Toshkentdagi eng yaxshi o‘qituvchilar tomonidan baholanadi.
To‘rtinchi bosqich — matrikulyatsiya (ishga kirishish). Ishtirokchilar maktablardan biriga va dars mashg‘ulotlariga boradi, fanni muvaffaqiyatli o‘zlashtirayotgan o‘quvchilar bilan muloqot qiladi.
Yakuniy bosqich — “Yozgi institut"da qatnashish. Bu besh haftalik jadal ta’lim kursi bo‘lib, unda finalchilar maktabda ish boshlash uchun tayyorgarlikdan o‘tadi. Shundan so‘ng finalchilar maktabning yozgi oromgohida amaliyot o‘taydi, sinfga rahbarlik qilishni o‘rganadi va o‘quv yili boshlanishiga tayyorgarlik ko‘radi.
Ma’lumot uchun, Teach for Uzbekistan — dunyoning 63 mamlakatida shu kabi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlovchi Teach for All global tarmog‘ining hamkoridir. Tashkilotning maqsadi har bir bolaga, uning ijtimoiy mavqei va yashash joyidan qat’i nazar, sifatli ta’lim berishdan iborat.
Mazkur loyihada qatnashish istagida bo‘lgan talabalar ro‘yxatdan o‘tib, ariza qoldirishlari mumkin.