Bugun Business Insider nashri tomonidan e’lon qilingan maqolani e’tiboringizga havola qilamiz. Unda sun’iy intellekt davrida kompaniyalar uchun eng qimmat va talabgor kasblar qaysilar ekani, nega dasturlashdan ko‘ra muloqot va hikoya qilish san’ati yuqori baholanayotgani hamda kommunikatsiya mutaxassislari qanday qilib yuz minglab dollar maosh olayotgani haqida so‘z boradi.
Sun’iy intellekt jadal ravishda rivojlanayotgan hozirgi davrda “vibe coding” va AI bilan ishlash ko‘nikmalari rezyumelarda eng talabgor jihatlarga aylandi. Biroq ko‘plab kompaniyalar yuqori maoshni boshqa, AI paydo bo‘lishidan ancha oldin mavjud bo‘lgan qobiliyat uchun ham to‘lashga tayyor: bu — diqqatni jalb qila oladigan hikoya yozish san’ati.
Andreessen Horowitz investitsiya kompaniyasi o‘tgan yili “New Media” loyihasini ishga tushirdi. Uning vazifasi — startap asoschilariga internetda o‘z g‘oyasini to‘g‘ri va ta’sirli tarzda tushuntira olishni o‘rgatish edi.
Adobe kompaniyasi ayni vaqtda sun’iy intellekt imkoniyatlarini mazmunli hikoyalar orqali tushuntirib bera oladigan, bu yo‘nalishga yetakchilik qiluvchi mutaxassis izlamoqda.
Netflix esa mahsulot va texnologiyalar bo‘yicha kommunikatsiyalar direktori lavozimi uchun yiliga 775 ming AQSh dollarigacha maosh taklif qilmoqda. Microsoft o‘tgan yili “Signal” nomli bosma jurnal chiqara boshladi va uni uni raqamli kontent tezda unutilib ketishiga qarshi muqobil yechim deb ta’rifladi.
Anthropic kompaniyasi o‘tgan yili kommunikatsiyalar bo‘limini uch baravarga kengaytirib, xodimlar sonini qariyb 80 nafarga yetkazdi va hanuzgacha har biri 200 ming dollardan yuqori maosh oluvchi yangi mutaxassislar qidirmoqda.
OpenAI’da ham 400 ming dollardan ortiq maosh ko‘zda tutilgan, kommunikatsiya bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari mavjud. Taqqoslash uchun: Indeed ma’lumotiga ko‘ra, AQShda kommunikatsiyalar bo‘yicha direktorning o‘rtacha maoshi 106 ming dollarni tashkil qiladi.
ChatGPT ommalashganiga uch yil bo‘ldi, ammo natijalar bir xil emas. Texnologik kompaniyalarda “vibe coding” boshlang‘ich darajadagi dasturchilarga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirmoqda. Shu bilan birga, ko‘plab sohalarda xodimlar sun’iy intellekt yordamida tezda yaratilgan, keraksiz darajada uzun va sifatsiz matnlarni bir-biriga yubormoqda. Bu esa vaqtning isrof bo‘lishi va ishonchning yemirilishiga sabab bo‘lmoqda.
Hatto OpenAI rahbari Sem Altman ham o‘tgan yili odamlarda AI’ga o‘xshash ohang paydo bo‘layotganini, ijtimoiy tarmoqlardagi munozaralar esa soxta tus olayotganini aytgan edi.
Sun’iy intellekt ish o‘rinlarini tortib oladi degan xavotirlar kuchaygan bir paytda, paradoksal ravishda, AI kontentni oson ishlab chiqargani sari chinakam insoniy muloqot qila oladiganlarga bo‘lgan talab yanada oshmoqda.
“AI shuncha ko‘p kontent ishlab chiqaryaptiki, kopirayterlarga ehtiyoj kamayadi, deb o‘ylashingiz mumkin, ammo amalda buning aksi bo‘lyapti”, - deydi Bumble’ning sobiq global kommunikatsiyalar bo‘yicha vitse-prezidenti, hozirda Off the Record hamjamiyati asoschisi Gab Ferre.
Bugun texnologik kompaniyalar yozuvchilar, muharrirlar, bosh kommunikatsiya direktorlarini, hatto CEO bilan yelkama-yelka ishlaydigan “hikoyachilar”ni yollamoqda. The Wall Street Journal xabariga ko‘ra, LinkedIn’dagi ish e’lonlarida “storyteller” so‘zi tilga olinishi 2024–2025-yillar oralig‘ida ikki baravar oshgan.
Raqobat o‘ta keskin bo‘lgan texnologiya bozorida — startaplar omon qolish, gigantlar esa ustunlik uchun kurashayotgan bir paytda yaxshi hikoya kuchli qurolga aylanmoqda. Ferrega ko‘ra, buning sababi oddiy: “Axborot shunchalik ko‘p va sifatsizki, odamlar shovqinni kesib o‘ta oladigan mutaxassis uchun katta pul to‘lashga tayyor.”
Bu tendensiya birdan paydo bo‘lmagan, deydi startaplar va venchur fondlar uchun ishlovchi SISU kommunikatsiya konsalting kompaniyasi asoschisi Jenna Birch. So‘nggi 20 yilda Silikon vodiysining ta’siri kuchaygani sari texnologik kompaniyalar juda katta maoshlar taklif qila boshladi. Ayni paytda ko‘plab OAVlar qisqarib, yozuvchilar ishini yo‘qotdi. Kontent orqali auditoriyani jalb qilish, brendni ijtimoiy tarmoqlarda tanitish va Google qidiruvida yuqori o‘rinlarda chiqish muhim bo‘lib qoldi.
Bugun esa kommunikatsiya mutaxassislarining vazifasi yanada kengaydi: ular katta til modellari qanday ishlashini tushunishi, kompaniya bloglarini yuritishi, raqobatchilardan ajralib turadigan umumiy narrativ yaratishi, hatto rahbar nomidan LinkedIn yoki Substack’da yoza olishi kerak.
Fortune kompaniyalarida marketing yoki kadrlar bilan bog‘liq qo‘shimcha mas’uliyatni ham o‘z ichiga olgan bosh kommunikatsiya direktori lavozimlari soni 2019-yildagi 90 tadan, 2024-yilda 169 taga yetdi. Korn Ferry ma’lumotiga ko‘ra, Fortune kompaniyalarida CCO’larning o‘rtacha maoshi 400–450 ming dollar atrofida bo‘lib, bu 2023-yilga nisbatan 50 ming dollarga ko‘p.
“Agar hamma yozuvchi bo‘lsa, unda hech kim yozuvchi emas,” — deydi Common Thread Communications asoschisi Kristin Kalver.
Kalver bu orqali AI sabab hamma matn yozayotgandek ko‘rinsa-da, aslida sifatli va ta’sirli yozuvchilar yanada kam va qadrli bo‘lib borayotganini ta’kidlaydi.
Talab oshib, vazifalar murakkablashgani sari, tez o‘zgarayotgan sharoitga moslasha oladigan, keng dunyoqarashga ega kommunikatsiya mutaxassislari kamaygani sezilmoqda. Shu bois kompaniyalar eng yaxshilari uchun keskin raqobatga kirishib, juda yuqori maosh taklif qilmoqda. Bu holat AI mutaxassislari bozoridagi “ov”ga ham o‘xshaydi. Garchi u yerdagi raqamlar yuqori bo‘lsa-da, bugun texnologiyadagi eng qimmat kapital — ijodkor insondir.
Uzoq yillar davomida bu rol dasturchilarga tegishli edi. Universitetlar va bootcamplar minglab yoshlarni kodlashga o‘rgatdi. “Kod yozish — barqaror va daromadli kelajak” degan g‘oya tinimsiz targ‘ib qilindi. Ammo 2023-yil ma’lumotlariga ko‘ra, kompyuter yo‘nalishi bitiruvchilarining ishsizlik darajasi 6,1%, kommunikatsiya yo‘nalishida esa 4,5% bo‘lgan.
CompTIA hisob-kitobiga ko‘ra, 2023-yildan 2025-yil oxirigacha dasturchilar uchun ochiq ish o‘rinlari 60 mingdan ortiqqa kamaygan. Ayrim mutaxassislar avtomatlashtirishdan eng yaxshi himoya — gumanitar ta’lim ekanini ta’kidlamoqda.
So‘zlarni AI yordamida yaratish osonlashdi, ammo yaxshi yozish hanuz avtomatlashtirib bo‘lmaydigan san’at darajasidagi ish bo‘lib qolmoqda. LinkedIn’da ham bir xil uslubda yozilgan, sun’iy intellekt izlari bilinib turgan postlar ko‘payib ketdi.
“AI hikoya qilishni bir tomondan yengillashtiryapti, boshqa tomondan esa ancha qiyinlashtiryapti. Eng kuchli hikoyalar aynan hamma narsa sifatsizlashib ketganini anglab, aniq va puxta storytelling’ga o‘tgan odamlar tomonidan yaratilmoqda” - deydi Kalver.
Anthropic aynan shunday taktik va jonli hikoyachilikka tayanmoqda. O‘tgan kuzda kompaniya Nyu-Yorkda Claude Cafe nomli vaqtinchalik joy ochdi. Bu yerda chatbotni oddiy vosita emas, balki fikrlash va muammoni hal qilishdagi hamkor sifatida ko‘rsatishga harakat qilindi.
Anthropic’ning birinchi bosh kommunikatsiya direktori Sasha de Marigny Axios’ga bergan intervyusida shunday degan edi: “AI har birimiz uchun muhim jamoa a’zosi, ammo kommunikatsiya mutaxassislari — yolg‘onni tez sezadigan odamlardir. Tanqidiy fikrlash hanuz insonning katta ustunligidir.”
Cisco’ning bosh kommunikatsiya direktori Stiv Kleyton esa bugungi davrni “kommunikatsiya san’atini chin dildan sevadiganlar uchun oltin davr” deb ataydi. “Bugun hech kim: “yanada ko‘proq email xabarlar bo‘lsa edi” demaydi. Muammo bitta — odamlarning vaqtiga arziydigan kontentni qanday yaratish.”
Brendlar o‘z ichki kontent jamoalarini shakllantirayotgan ish o‘rinlari yozuvchilarni AI bilan almashtirish eng qiyin bo‘lgan sohalardan biri hisoblanadi, deydi Stacker rahbari Noah Greenberg. Chunki bu yerda maqsad klik emas, balki kam, ammo juda sifatli hikoyalar orqali ishonch va obro‘ qozonish.
LLM’lar (Large Language Model) albatta yanada rivojlanadi. Balki kelajakda ular ovoz va uslubni ham yaxshi o‘zlashtirar. Ammo ular fikrlamaydi — ular ijodiy jarayonni boshdan kechirmaydi. Shu sababli, AI ko‘paygan sari, insoniy tafakkur va haqiqiy hikoya qilish qobiliyati yanada qadrlanaveradi.
Xulosa qilib aytganda, sun’iy intellekt ko‘plab kasblar o‘rnini egallayotgan bir paytda, fikrni ravon va ishonarli yetkazish hamda kuchli hikoya qila olish ko‘nikmalari yanada qadrli bo‘lib bormoqda.
AI matn yozishi mumkin, ammo haqiqiy ma’no va kontekstni hali ham inson yaratadi. Shu bois, bugun texnologiya sohasida eng yuqori baholanayotgan mutaxassislar — kopirayterlar, hikoya qilib bera oluvchilardir.
Xo‘sh, siz-chi? Kelajakdagi kasbingizda faqat texnik bilimga tayanmoqchimisiz yoki fikringizni tushunarli va ta’sirli yetkazish ko‘nikmasini ham rivojlantiryapsizmi?