Rezyumeda bo‘lishi shart bo‘lgan 3 ta jihat

Zamonaviy mehnat bozorida rezyume oddiy hujjat emas, balki bu sizni ish beruvchiga reklama qiladigan strategik marketing vositasi hisoblanadi. 


Ko‘pchilik nomzodlar rezyumega faqat o‘z vazifalarini yozishadi (masalan, “Sotuvlar bilan shug‘ullanganman”). Biroq, ish beruvchilar siz nima qilganingizni emas, nimalarga erishganingizni ko‘rmoqchi bo‘ladi.


So‘nggi yillardagi HR tadqiqotlari, sun’iy intellekt yordamidagi saralash tizimlari va ish beruvchilar xatti-harakatlarini o‘rgangan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, rezyumening muvaffaqiyati ko‘p omillarga bog‘liq bo‘lsa-da, 3 ta asosiy komponent bor: moslik, o‘lchanadigan natijalar, dizayn.


Lavozimga moslik — saralashdan o‘tishning asosiy omili


Bugungi kunda rezyumening birinchi “o‘quvchisi” ko‘pincha inson emas, balki ATS (Applicant Tracking System) dasturi hisoblanadi. To‘g‘ri, hozirgi kunda O‘zbekistonda bunday dasturlardan foydalanish darajasi unchalik yuqori bo‘lmasligi mumkin.


Ammo, Fortune 500 ro‘yxatidagi kompaniyalarning 99 foizi va o‘rta biznesning yarmidan ko‘pi hozir aynan shu tizimdan foydalanib kelmoqda. O‘zbekistonda ham bu kabi platformalar ommalashib boryapti.


Rezyume rad etish sabablari


  • 75% rezyume mutaxassislar ko‘rishidan oldin ATS tomonidan rad etiladi;


  • 70% rad etilish sababi — noto‘g‘ri formatdagi rezyume;


  • 68% rad etilish sababi — kerakli kalit so‘zlarning yo‘qligi;


2025-yilda olib borilgan HR tadqiqotiga ko‘ra, mos lavozim nomi ko‘rsatilgan rezyumelar intervyuga chaqirilish ehtimolini 10,6 baravar oshiradi, ish beruvchilarning 55,3 foizi esa aynan lavozim nomi bo‘yicha filtr qo‘llaydi.


Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, rezyume universal bo‘lishi kerak emas, balki har bir ish e’loni uchun moslashtirilgan bo‘lishi kerak.


O‘lchanadigan natijalar — eng kuchli ta’sir qiluvchi faktor


Ko‘plab nomzodlar rezyumega vazifalarini yozadi, lekin ish beruvchi uchun muhim narsa aniq natijalar ekanligini unutib qo‘yadi.


Ya’ni, nomzodlar o‘z yutuqlarini sifat ko‘rsatkichlari bilan (yaxshi, ko‘p, samarali) ifodalashadi. Biroq, inson miyasi va algoritmik tizimlar miqdoriy ko‘rsatkichlarga (raqamlarga) ko‘proq ishonadi.


  • 87% ish beruvchilar aniq raqamlar bilan berilgan yutuqlarni eng jozibali deb hisoblaydi;


  • 58,1% HR mutaxassislar esa o‘lchanadigan natijalarni asosiy baholash mezoni deb biladi.


Shuning uchun, rezyumeda aniq raqamlarni ham yozishni unutmaslik lozim. Masalan:

❌“Savdo bo‘limida ishladim”
✅ “3 oyda savdoni 27% oshirdim”

CareerBuilder tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada ish beruvchilarning 67 foizi rezyumeda aniq yutuqlar yo‘qligini eng katta xato deb hisoblashlarini bildirishgan.


Ladders tomonidan o‘tkazilgan “Eye-tracking” tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, rezyumeda raqamlar qancha ko‘p bo‘lsa, HR menejerining nigohi o‘sha qismda 40% ko‘proq ushlanib qoladi.


Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zining “qiymat taklifi”ni aniq ko‘rsatolgan nomzodlar, umumiy mazmunda yozgan nomzodlarga qaraganda 32% ko‘proq ish taklif olishadi.


Rezyume dizayni 


Rezyumeni ish beruvchi va HR mutaxassislari qancha vaqt mobaynida o‘qib chiqishini bilsangiz, dizayn nega muhimligini tushunib olasiz. Odatda, HR mutaxassislarining 42 foizi rezyumeni 10 soniyadan kam vaqt ichida baholab bo‘ladi.


Bunda rezyumeni o‘rtacha ko‘rib chiqish vaqti 7–8 soniya bo‘lib, rekruterlar bunga o‘rtacha 7,4 soniya vaqt sarflaydi.


Rezyumening o‘rtacha hajmining 1–2 sahifa bo‘lishi - bu eng samaralisi hisoblanadi. Muammo shundaki, odatdagi rezyumelarning 45 foizida ortiqcha ma’lumot bor.


Shuning uchun rezyume tayyorlashda uning dizayniga ham e’tibor qaratish muhim hisoblanadi. Ba’zi hollarda nomzodlar rezyume dizaynini rang-barang qilsa, suhbatga chaqirilish ehtimoli oshadi deb o‘ylaydi. Aslida esa, rezyumening rang-barang ekanligi ish beruvchilar uchun umuman muhim emas.

calendar icon 20-02-2026 13:23
Kirish