Yoshlar tadbirkorligi uchun yana qo‘shimcha 200 million dollar ajratiladi

Ayni vaqtda Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqoti bo‘lib o‘tmoqda. Unda har yili 600 ming yoshlar mehnat bozoriga kirib kelayotgani, 2030-yilga borib, ular 1 millionga yetishi aytildi. Shuningdek, yoshlarga o‘ziga mos ish topishi uchun sharoit yaratish – eng muhim masala ekani qayd etildi. 


Yoshlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilib, ularning uchdan biri tadbirkor bo‘lish istagini bildirgan. O‘tgan yili yoshlar bandligini ta’minlash uchun banklar va Yoshlar ishlari agentligiga 400 million dollar berilgan edi. Xususan, “Yoshlar biznesi”, “Kelajakka qadam” dasturlari hisobidan 15 ming nafar yoshlar o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ydi, 50 ming odamni ish bilan ta’minladi.


Shu sababli, prezident yoshlar tadbirkorligi uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishini e’lon qildi. 


O‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdori 100 milliondan 300 million so‘mgacha oshiriladi. Yosh tadbirkorlar loyihalari uchun 10 milliard so‘mgacha kredit ajratish (hozir 5 milliard so‘mgacha) mumkin bo‘ladi. Innovatsion startap loyihalarga 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat beriladi. 


Servis va umumiy ovqatlanish sohasida 1 mingdan ziyod ish o‘rni yaratgan mahalliy brendlardan franshiza olib, filial ochishga qiziqayotgan yoshlar uchun qulay moliyalashtirish paketlari joriy qilinadi.


Shu bilan birga, joriy yildan “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushiriladi va yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15 foizli kredit ajratish boshlanadi. 


Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 million so‘mgacha, tadbirkorlik ko‘nikmasiga ega bo‘lib, o‘z biznesini boshlayotganlarga 300 million so‘mgacha, faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga 2 milliard so‘mgacha, kamida 5 ta bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 milliard so‘mgacha kredit beriladi. 


Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda “Mening birinchi kasbim” dasturini boshlash topshirildi. Bunda stajirovka dasturi asosida oliygoh bitiruvchilari o‘rtasida tanlov o‘tkazib, ularga oyiga 2 million so‘mgacha stipendiya to‘lash yo‘lga qo‘yiladi. 


Tadbirkorlikni endi boshlayotgan yoshlarning 30 foizi biznes ko‘nikmasi yetishmagani uchun qiyinchilikka uchrayotgani qayd etildi. 


Shu bois, har bir hududda tadbirkorlikka o‘qitish, g‘oyani biznesga aylantirish, buxgalteriya, bank, marketing, ichki va tashqi bozorlarga chiqish bilan bog‘liq kompleks xizmatlarni ko‘rsatadigan “Yoshlar biznes inkubatori” ishga tushiriladi. 


Mutasaddilarga yoshlar uchun qulay joylarni belgilab, bu yil Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Namangan, Surxondaryo, Xorazm va Toshkent shahrida, kelgusi yilda qolgan hududlarda bunday markazlarni tashkil qilish topshirildi.

calendar icon 24-02-2026 13:12
Kirish