Birinchi ish maosh uchunmi yoki tajriba uchun?

Birinchi ish tanlashda yoshlar odatda ikki xil tanlov orasida qoladi: ko‘proq maosh beradigan ishni tanlash kerakmi yoki kamroq pul to‘lansa ham tajriba beradigan ishni tanlash kerakmi? 


Bu savolning yagona va hamma uchun mos javobi yo‘q. Lekin mehnat bozori haqidagi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, faoliyatning dastlabki 2-3 yilida tajriba va ko‘nikmalar ko‘pincha maoshdan muhimroq bo‘ladi. Chunki aynan birinchi ish keyingi maosh, lavozim va karyeraga bevosita ta’sir qiladi.


Birinchi ish – oddiygina “pul topish joyi” emas. Bu insonning mehnat bozoridagi qiymatini shakllantiradigan boshlang‘ich nuqta hisoblanadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, birinchi ishning sifati, kompaniya darajasi, soha va boshlang‘ich maosh keyingi besh yil ichidagi daromadga juda katta ta’sir ko‘rsatadi. Hatto ayrim tadqiqotlarda birinchi ishning ta’siri oliy ta’lim yo‘nalishidan ham kuchliroq ekani qayd etilgan. 


80 mingdan ortiq bitiruvchilar ishtirokidagi tadqiqot natijalari ham shuni ko‘rsatdiki, insonning birinchi ish joyi uning keyingi daromadiga juda katta ta’sir qiladi. Ayniqsa, ishlagan kompaniyasi qanchalik yirik ekani, olgan maoshi va ish joyining barqarorligi keyingi yillarda qancha pul topishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli ham birinchi ishni “qayerda ko‘proq pul berishadi?” degan savol asosida emas, balki “qayerda kuchliroq tajriba olaman?” degan savol asosida tanlash ko‘proq foyda beradi. 


Ammo bu yerda muhim nozik jihat bor: tajriba deganda “falon joyda ishlaganman” degan yozuv emas, balki haqiqiy ko‘nikmalar, natijalar va professional muhit nazarda tutiladi. Agar ish joyi sizga yangi ko‘nikma bermasa, mentor bo‘lmasa, loyihalarda qatnashish imkoniyati bo‘lmasa, faqat “stajyor” nomi bilan qog‘oz to‘ldirish yoki oddiy vazifalarni bajarishdan iborat bo‘lsa, bunday tajriba unchalik qiymat bermaydi.


Mehnat bozori tobora diplomdan ko‘ra ko‘proq ko‘nikmaga qaray boshlagan. Ish beruvchilar orasida amaliy tajriba, jamoa bilan ishlash, muammolarni hal qilish, muloqot, texnik va raqamli ko‘nikmalar diplomdan ko‘ra muhimroq deb hisoblanmoqda. Ayrim tadqiqotlarda ish beruvchilar universitetlar berayotgan bilim bilan amaliy ish uchun kerak bo‘ladigan ko‘nikmalar orasida katta tafovut borligini aytgan. 


Shu sababli ham bugungi mehnat bozorida tajribasiz, lekin nufuzli oliygohda o‘qigan yoshdan ko‘ra tajribaga ega, lekin nufuzli bo‘lmagan oliygoh bitiruvchisi  ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lishi mumkin. Bu ayniqsa IT, marketing, media, savdo, xizmat ko‘rsatish, pedagogika va boshqaruv kabi sohalarda yaqqol seziladi. Ish beruvchilar “bu kadr ishni qay darajada tez o‘rganadi?” degan savolga javob qidiradi. Tajribasi bor nomzodlar esa ular uchun yaxshiroq tanlov bo‘ladi. 


Tajriba nega muhim? 


Chunki u insonning bozor qiymatini oshiradi. Masalan, amaliyot va stajirovka dasturlarida qatnashgan bitiruvchilar odatda ko‘proq ish takliflari oladi va boshlang‘ich maoshi ham yuqoriroq bo‘ladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, pullik amaliyot o‘tagan yoshlar ish topishda ham, maosh bo‘yicha ham boshqalardan ustun bo‘ladi. 


Bir universitet tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotida amaliyot o‘tagan talabalar keyinchalik yuqoriroq daromad olishi aniqlangan. Boshqa bir tahlilda esa kuchli stajirovka tajribasiga ega bo‘lgan bitiruvchilar boshlang‘ich maosh bo‘yicha boshqalardan 10-20 foiz yuqori natija ko‘rsatishi qayd etilgan. Sababi oddiy: ish beruvchi bunday nomzodning “o‘rganishi kerak” emas, balki “darhol foydali ish koifsentini oshirishi”ni ko‘radi. 


Shunday ekan, “birinchi ish maosh uchunmi yoki tajriba uchunmi?” degan savolga eng maqbul javob shuki, birinchi ish avvalo insonni o‘stirishi kerak. U yangi ko‘nikmalar beradigan, amaliy tajriba to‘plashga yordam beradigan, rezyumeni kuchaytiradigan va keyingi imkoniyatlarga yo‘l ochadigan ish bo‘lishi muhim. Lekin bu inson o‘z mehnatini qadrlamasligi yoki juda past sharoitlarga ko‘nishi kerak degani emas. Agar ish ham yaxshi tajriba bersa, ham munosib maosh taklif qilsa, bu eng yaxshi variant hisoblanadi.


Eng katta xato — ish tanlashda faqat maoshga qarab qaror qabul qilishdir. Chunki hozir ko‘proq pul berayotgan, lekin rivojlanish imkoniyati bo‘lmagan ish sizni bir joyda ushlab qolishi mumkin. Aksincha, dastlab maoshi pastroq bo‘lsa ham, ko‘p narsani o‘rgatadigan va tajriba beradigan ish keyinchalik ancha yuqori daromadli imkoniyatlarga yo‘l ochishi mumkin.

calendar icon 31-03-2026 11:49
Kirish