Karyera o‘zi nima?

Bugungi kundagi tez o‘zgarayotgan mehnat bozorida faqat diplomga ega bo‘lish yetarli emas. Texnologiyalar yangilanmoqda, kasblar o‘zgarmoqda, ish beruvchilarning talablari esa yil sayin murakkablashib bormoqda. Bunday sharoitda insondan faqat bilim emas, balki ongli tanlov qilish, imkoniyatlarni tahlil qilish va o‘z rivojlanishini boshqarish qobiliyati talab etiladi.

Aynan shu nuqtada karyera o‘zi nima, degan savolga javob topish muhim hisoblanadi. Karyera savodxonligi — bu insonning o‘z hayot yo‘lini tasodiflarga topshirib qo‘ymasdan, uni ongli ravishda qurishiga xizmat qiladigan asosiy kompetensiyadir.


Ya’ni, bu shaxsning o‘z qiziqishlari, qobiliyatlari va mehnat bozori talablarini hisobga olgan holda to‘g‘ri kasbiy yo‘lni tanlay olish, uni rejalashtirish va bosqichma-bosqich rivojlantirish qobiliyatidir. Bu faqat “qayerda ishlash”ni bilish emas, balki o‘zini anglash, imkoniyatlarni ko‘ra olish, qaror qabul qilish va eng muhimi, doimiy rivojlanish strategiyasini shakllantirish demakdir. 


Ko‘plab talabalar universitetni bitirgach, qaysi yo‘nalishda ishlashni bilmay qoladi. Ular diplomga ega bo‘ladi, lekin aniq yo‘nalishga ega bo‘lmaydi. Buning asosiy sababi karyera masalasiga e’tibor qaratilmaganidir. Talabalik davri ko‘pincha faqat o‘qish bilan cheklanadi, amaliy tajriba, o‘zini anglash va bozorni o‘rganish esa ikkinchi darajaga tushib qoladi. Natijada esa bitiruvchi real hayot bilan to‘qnash kelganda noaniqlik va ikkilanishlarga duch keladi.


Karyera savodxonligi aynan shu muammoni hal qiladi. U insonga tasodifiy emas, ongli tanlov qilish imkonini beradi. Vaqt va resurslarni tejashga yordam beradi. Eng muhimi, insonni o‘ziga mos sohada rivojlanishga yo‘naltiradi va uni mehnat bozorida raqobatbardosh qiladi. Chunki bugungi kunda ish beruvchi diplomdan ko‘ra aniq ko‘nikma va real tajribaga ko‘proq e’tibor beryapti.

Karyera savodxonligining markazida, avvalo, o‘zini anglash turadi. Inson o‘zini tushunmasdan turib, to‘g‘ri yo‘lni tanlay olmaydi. 
  • “Men nimaga qiziqaman?”


  • “Nimani yaxshi bajara olaman?” 


  • “Qanday muhitda ishlashni xohlayman?” 


Bu savollar oddiy tuyulishi mumkin, lekin aynan shu savollarga aniq va to‘g‘ri javob topib olish karyera qurishning eng muhim bosqichidir. O‘zini anglagan inson “yo‘qolib qolmaydi”, u ongli ravishda harakat qiladi.


Keyingi muhim bosqich — mehnat bozorini tushunish. Bugungi kunda qaysi kasblar talabgir, qaysi ko‘nikmalar yuqori baholanadi, bularni bilish zarur. Masalan, IT va raqamli texnologiyalar, marketing va savdo, ta’lim va boshqaruv kabi yo‘nalishlarga talab ortib bormoqda.

Ammo masalaning muhim jihati shundaki, faqat kasblarni emas, balki ko‘nikmalarni bilish ham muhim. Masalan, muammolarni yechish, kommunikatsiya, moslashuvchanlik kabi sifatlar har qanday sohada ustunlik beradi.


Karyera — bu tasodif emas, balki reja asosida shakllanadigan jarayon. Shuning uchun maqsad qo‘yish va rejalashtirish karyera savodxonligining ajralmas qismi hisoblanadi. Qisqa muddatli, o‘rta muddatli va uzoq muddatli maqsadlarni belgilash insonni rejali harakat qilishga undaydi. Rejasiz harakat ko‘pincha vaqt yo‘qotishga olib keladi, reja bilan harakat esa natija yaxshiroq bo‘ladi.


Yana bir muhim jihat — moslashuvchanlik. Bugungi dunyoda bir kasbda butun umr ishlash davri ortda qolmoqda. Ayrim kasblar yo‘qolib ketish arafasida turibdi, yangilari esa paydo bo‘lmoqda. Demak, inson yangi ko‘nikmalarni tezroq o‘rganishi kerak. Bu borada moslashuvchanlik zamonaviy karyeraning asosiy talabi hisoblanadi.


Insonda karyera savodxonligi yetishmasa, odatda bir xil xatolar takrorlanaveradi. Odamlar boshqalar tanlagan yo‘lni ko‘r-ko‘rona takrorlaydi, faqat diplomga tayanadi, tajriba yig‘ishni esa ortga suradi yoki mehnat bozori talablarini umuman e’tiborga olmaydi. Natijada vaqt yo‘qotiladi, imkoniyatlar qo‘ldan boy beriladi va kasbiy qoniqmaslik hissi paydo bo‘ladi.


Xulosa qilib aytganda, karyera savodxonligi bugungi talaba va yosh mutaxassislar uchun qo‘shimcha emas, balki zaruriy kompetensiyadir. Uni shakllantirishni 3–4-kursga qoldirish emas, aynan hozirdan boshlash kerak. O‘zini anglagan, reja bilan harakat qilgan va doimiy o‘rgangan inson mehnat bozorida tezroq o‘z o‘rnini topadi. 


Shuning uchun Profi University “Karyera markazi” tomonidan yo‘lga qo‘yilgan platformada hoziroq o‘z portfolioingizni yaratishni boshlang. 

calendar icon 10-04-2026 17:39
Login