Xodimlarning ishga qiziqishi pasaymoqda: ularning atigi 20 foizi ishiga chin dildan yondashmoqda

Dunyo bo‘ylab xodimlarning ishga bo‘lgan qiziqishi va ishtiyoqi ketma-ket ikkinchi yil pasayib bormoqda. Bu haqda Gallup kompaniyasining “State of the Global Workplace 2026” nomli yillik hisobotida ma’lum qilindi.


Hisobot dunyo kompaniyalaridagi xodimlarning ishga munosabati, mehnat bozori haqidagi qarashlari va farovonligini o‘rganadigan eng yirik tadqiqotlardan biri hisoblanadi.


Ishga qiziqish 2020-yildan buyon eng past darajaga tushdi


Gallup ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda global xodimlar faolligi (employee engagement) ketma-ket ikkinchi yil pasaydi va 2020-yildan buyon kuzatilgan eng past ko‘rsatkich qayd etildi.


Gallup hisob-kitoblariga ko‘ra, xodimlar faolligi har 1 foizga kamayganda, dunyo bo‘yicha qariyb 21 million nafar xodim ishiga kamroq qiziqadigan va kamroq tashabbus ko‘rsatadigan xodimlar safiga qo‘shiladi. Natijada ish unumdorligi pasayib, jahon iqtisodiyoti katta zarar ko‘rmoqda.


Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, ishga qiziqishning pastligi sababli 2025-yilda jahon iqtisodiyoti 10 trillion AQSh dollari miqdorida zarar ko‘rgan. Bu dunyo yalpi ichki mahsulotining qariyb 9 foiziga teng.


Muammoning asosiy sababi — rahbarlarning motivatsiyasi pasayayotganida

Hisobotning eng muhim xulosalaridan biri shundaki, umumiy holatning asosiy qismi aynan menejerlar faolligining kamayishi bilan bog‘liq. Avvallari rahbarlarning ishga qiziqishi oddiy xodimlarga qaraganda ancha yuqori bo‘lar edi. 


Endilikda esa bu tafovut tobora qisqarib bormoqda. Ayniqsa Janubiy Osiyoda menejerlar faolligi bir yil ichida 8 foizga kamaygan. Gallup buni ko'plab tashkilotlarda rahbarlik lavozimlari qisqartirilayotgani va rahbarlar zimmasiga haddan tashqari ko‘p vazifa yuklanayotgani bilan izohlaydi.


Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, menejerlarning ishga bo‘lgan munosabati butun jamoaning samaradorligiga bevosita ta’sir qiladi. Shu sababli rahbarlarni to‘g‘ri tanlash, muntazam o‘qitish va qo‘llab-quvvatlash tashkilotlar uchun strategik ahamiyat kasb etadi.


Masalan, sun’iy intellektni joriy etishda ham rahbarning roli hal qiluvchi omil hisoblanadi. Gallupning 2026-yilda AQShda o‘tkazgan tadqiqot natijalari ham qiziqarli xulosani ko‘rsatdi.


Ya’ni, xodimlarning sun’iy intellektdan foydalanishiga eng kuchli ta’sir qiluvchi omillardan biri — ularning bevosita rahbaridir. Agar menejer sun’iy intellektdan foydalanishni faol qo‘llab-quvvatlasa, xodimlarning yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishi sezilarli darajada ortadi.


Mehnat bozoriga bo‘lgan ishonch


2025-yilda xodimlarning mehnat bozori haqidagi qarashlari ham ijobiy tomonga o‘zgargan. Ko‘pchilik yangi ish topish imkoniyatlarini avvalgi yilga nisbatan yaxshiroq baholagan.


Biroq bu ijobiy tendensiya barcha hududlarda kuzatilmadi. AQSh va Kanadada, shuningdek Avstraliya hamda Yangi Zelandiyada xodimlarning mehnat bozoriga bo‘lgan ishonchi keskin pasaygan.

Gallup bunga ishga qabul qilish sur’atlarining sekinlashgani hamda sun’iy intellekt va avtomatlashtirishning ta’siri kuchayib borayotganini sabab sifatida ko‘rsatadi.


AQShda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, xodimlarning 18 foizi keyingi besh yil ichida ularning ish o‘rni avtomatlashtirish yoki sun’iy intellekt sabab yo‘qolishi mumkin deb hisoblaydi.


Sun’iy intellekt allaqachon joriy etilgan tashkilotlarda esa bu ko‘rsatkich 23 foizga yetadi. Moliya, sug‘urta va texnologiyalar sohasida ishlovchi xodimlarning qariyb uchdan bir qismi kelajakda o‘z ish o‘rnini sun’iy intellekt egallashi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.


Umuman olganda, tadqiqotlar xodimlarning ishga bo‘lgan qiziqishini oshirishning eng muhim yo‘li — avvalo menejerlar faoliyatini kuchaytirish ekanligini ta’kidlamoqda.


Ishga befarq xodimlar sonining ortishi nafaqat mahsuldorlikni pasaytiradi, balki tashkilotlarning o‘zgarishlarga, jumladan sun’iy intellekt kabi yangi texnologiyalarni joriy etishga moslashish imkoniyatini ham cheklaydi.


Shu bois tashkilotlar rahbarlarni tanlash, ularni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga ko‘proq e’tibor qaratishi zarur. Chunki kuchli jamoa, avvalo, kuchli rahbarlardan boshlanadi.

calendar icon 16-07-2026 11:42

Other news

Login