Bitiruvchilarning biznes loyihalari uchun 3,53 milliard so‘mlik tavsiyanoma berildi

Profi University bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, ularning biznes tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida tavsiyanomalar berilmoqda. Mazkur loyiha orqali bitiruvchilarning o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi, yangi ish o‘rinlari yaratishi hamda mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi ko‘zda tutilgan.


2025-2026-o‘quv yilida loyiha doirasida 26 nafar bitiruvchiga tavsiyanoma berilgan bo‘lib, ular uchun jami 3 milliard 530 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilishi rejalashtirilgan. Kredit mablag‘lari miqdori 10 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha bo‘lib, bitiruvchilarning biznes loyihasi va faoliyat yo‘nalishiga qarab shakllantirilgan.


Loyiha doirasida qo‘llab-quvvatlanayotgan biznes tashabbuslari turli yo‘nalishlarni qamrab oladi. Xususan, kompyuter xizmatlari, IT va dasturlash studiyasi, onlayn savdo platformasi, o‘quv markazlari, tikuvchilik, qandolatchilik, hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish, xususiy maktabgacha ta'lim tashkiloti, restoran faoliyati, chorvachilik, savdo do‘koni hamda kompyuter o‘yinlari klubi kabi loyihalar moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, yirik investitsiya talab etadigan qurilish va xizmat ko‘rsatish loyihalari ham tavsiya etilgan.


Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, tavsiyanoma olgan bitiruvchilarning asosiy qismi Pedagogika va psixologiya, Iqtisodiyot, Boshlang‘ich ta'lim, Ingliz tili va adabiyoti, Maktabgacha ta’lim, Bank ishi va auditi, Maktab menejmenti hamda Rus tili va adabiyoti yo‘nalishlari bitiruvchilaridan iborat. Bu esa loyiha faqat iqtisodiyot yo‘nalishi emas, balki turli sohalarda tahsil olgan yoshlarning ham tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga xizmat qilayotganini ko‘rsatadi.


“Kelajakka qadam” loyihasi bitiruvchilarning ish izlovchidan ish beruvchiga aylanishiga ko‘maklashish, ularning biznes g‘oyalarini amaliy loyihaga aylantirish hamda hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiluvchi muhim tashabbuslardan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Bu imkoniyatdan kimlar foydalanishi mumkin?


  • universitet bitiruvchi bosqich talabalari;


  • biznes g‘oyasiga ega talabalar;  


  • o‘z biznesini boshlagan va boshlamoqchi bo‘lgan talabalar; 


  • biznes loyihasi uchun moliyaviy yoki boshqa masalalar bo‘yicha maslahatga muhtoj talabalar.


Qanday qilib biznes boshlashni bilmaydiganlar nima qiladi?


O‘z biznes g‘oyasini qanday qilib amalga oshirishni bilmayotgan bitiruvchi bosqich talabalarimiz uchun “O‘zmilliybank” AJ tomonidan g‘oyani tayyor loyihagacha yetkazishda amaliy yordam ham ko‘rsatiladi.


Biznes g‘oya aniq loyiha shakliga keltirilgach, uni moliyalashtirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni rasmiylashtirish, ariza topshirish jarayonlari va boshqa texnik bosqichlarda ham talabalarga amaliy yordam ko‘rsatiladi. 


Bu orqali talabalarimiz nafaqat o‘z biznes g‘oyalariga ega bo‘ladilar, balki uni hayotga tatbiq etish yo‘lida real qadamlar tashlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.


“Kelajakka qadam” loyihasi doirasida ushbu imtiyozli kreditdan foydalanish istagida bo‘lgan bitiruvchilar quyidagi havola orqali loyiha haqida batafsil ma’lumot olishlari mumkin - https://profikaryera.uz/projects/13

calendar icon 29-07-2026 15:22

Other news

Login