Sun’iy intellekt davrida eng katta xavf ostida qolayotgan 10 ta kasb

Sun’iy intellekt (AI) texnologiyalari mehnat bozorini misli ko‘rilmagan darajada o‘zgartirmoqda. Dastlab faqat oddiy va takrorlanuvchi vazifalarni avtomatlashtirish vositasi sifatida qaralgan AI bugun murakkab tahlillar, dasturlash, marketing, moliya va mijozlarga xizmat ko‘rsatish kabi yuqori malaka talab qiladigan yo‘nalishlarda ham faol qo‘llanilmoqda.


Claude sun’iy intellekt modelini ishlab chiqqan Anthropic kompaniyasi mutaxassislari millionlab foydalanuvchilar va AI o‘rtasidagi muloqotlarni tahlil qilib, yaqin yillarda sun’iy intellekt eng katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan kasblar reytingini e’lon qildi. Tadqiqot natijalari nafaqat bugungi mehnat bozori, balki kelajakda kasb tanlayotgan yoshlar uchun ham muhim xulosalarni taqdim etadi.


Nega bu tadqiqot muhim?


So‘nggi yillarda sun’iy intellekt sabab ish o‘rinlari qisqarishi haqidagi xavotirlar tobora kuchaymoqda. Amerika Psixologiya Assotsiatsiyasi (APA) tomonidan 2025-yilda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, AQShdagi xodimlarning 38 foizi, kompaniya rahbarlarining esa 43 foizi sun’iy intellekt ularning kasbiy ko‘nikmalarini qisman yoki to‘liq qadrsizlantirishi mumkinligidan xavotir bildirgan.


Bu xavotirlar amaliy misollar bilan ham o‘z tasdig‘ini topmoqda. Yirik texnologik kompaniyalar sun’iy intellektni faol joriy etish natijasida xodimlar sonini qisqartirmoqda. Masalan, Amazon boshqaruv jarayonlarini optimallashtirish va AI texnologiyalarini keng qo‘llash maqsadida 2026-yil boshida 16 ming nafar xodimini qisqartirishini ma’lum qilgan. 


Oradan ko‘p o‘tmay Block kompaniyasi ham 4 mingdan ortiq xodimi bilan xayrlashdi. Kompaniya rahbari Jek Dorsi sun’iy intellekt vositalari yordamida kichikroq jamoa ham avvalgidan samaraliroq ishlashi mumkinligini ta’kidladi.


Kasblarning sun’iy intellekt oldidagi zaifligi qanday baholanmoqda?


Har bir kasb ko‘plab alohida vazifalardan iborat. Ularning ayrimlarini sun’iy intellekt bugunning o‘zidayoq muvaffaqiyatli bajara oladi, boshqalari esa inson tajribasi, muloqoti va qaror qabul qilish qobiliyatini talab qiladi.


Anthropic mutaxassislari Claude bilan olib borilgan millionlab suhbatlarni tahlil qilib, qaysi kasbiy vazifalarda sun’iy intellektdan eng ko‘p foydalanilayotganini aniqlagan. Shu asosda har bir kasb uchun “sun’iy intellekt oldidagi zaiflik darajasi” hisoblab chiqilgan.


Bu ko‘rsatkich kasbga oid vazifalarning qanchasi bugungi kunda AI yordamida bajarilayotganini anglatadi. Foiz qanchalik yuqori bo‘lsa, mazkur kasb shuncha ko‘proq sun’iy intellekt ta’siriga tushmoqda.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ayniqsa quyidagi guruhlar AI ta’sirini ko‘proq his qilishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi:


  • ofis va boshqaruv xodimlari;


  • hujjatlar bilan ishlovchi hamda mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar;


  • oliy ma’lumotli yosh mutaxassislar;


  • yuqori daromad oluvchi bilimga asoslangan kasb egalari.


Sun’iy intellekt eng katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan 10 ta kasb


  • Dasturchilar — 75%


Bugungi kunda AI eng faol qo‘llanilayotgan yo‘nalishlardan biri aynan dasturlashdir. Sun’iy intellekt kod yozish, mavjud kodni tahlil qilish, xatolarni topish, optimallashtirish va texnik hujjatlar tayyorlashda samarali ishlamoqda. Natijada ko‘plab dasturchilar kodni to‘liq yozishdan ko‘ra, AI yaratgan natijalarni tekshirish va boshqarish bilan shug‘ullanmoqda.


  • Mijozlarga xizmat ko‘rsatish mutaxassislari — 70%


Chat-botlar va AI yordamchilari mijozlarning eng ko‘p uchraydigan savollariga javob berish, murojaatlarni saralash va dastlabki maslahatlarni berishda tobora keng qo‘llanmoqda. Faqat murakkab va nostandart holatlardagina inson aralashuvi zarur bo‘lib qolmoqda.


  • Ma’lumotlarni kiritish operatorlari — 67%


Ma’lumotlarni hujjatlardan elektron bazalarga kiritish AI uchun eng oson avtomatlashtiriladigan vazifalardan biridir. Zamonaviy tizimlar bu ishni tezroq, aniqroq va kamroq xato bilan bajara oladi.


  • Tibbiy registratorlar — 67%


Bemorlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, sug‘urta ma’lumotlarini tekshirish va elektron tibbiy kartalarni yuritish kabi standart jarayonlar ham bosqichma-bosqich sun’iy intellekt zimmasiga o‘tmoqda.


  • Marketologlar va bozor tahlilchilari — 65%


Reklama matnlari yaratish, auditoriyani segmentlash, bozor ma’lumotlarini tahlil qilish va hisobot tayyorlash kabi vazifalarda AI samaradorligi keskin oshmoqda. Bu esa ushbu sohada ishlaydigan mutaxassislardan yangi ko‘nikmalarni talab qilmoqda.


  • Savdo menejerlari — 63%


Sun’iy intellekt mijozlar bazasini yuritish, tijorat takliflarini tayyorlash, sotuv prognozlarini shakllantirish va buyurtmalarni qayta ishlashda katta yordam bermoqda. Biroq muzokaralar olib borish va ishonchli munosabatlarni shakllantirishda hanuz insonning roli ustunligicha qolmoqda.


  • Moliyaviy tahlilchilar — 57%


Katta hajmdagi moliyaviy ma’lumotlarni tahlil qilish, prognozlar tuzish va hisobotlarni tayyorlash AI yordamida ancha tez bajarilmoqda. Shunga qaramay, strategik investitsion qarorlar qabul qilishda inson tajribasi hal qiluvchi omil bo‘lib qolmoqda.


  • Dasturiy ta’minot testchilari (QA) — 52%


Sun’iy intellekt test ssenariylarini yozish, avtomatlashtirilgan testlarni yaratish va test ma’lumotlarini tayyorlashda faol qo‘llanmoqda. Ammo murakkab xatolarni aniqlash va foydalanuvchi tajribasini baholashda inson ishtiroki hali ham zarur.


  • Axborot xavfsizligi mutaxassislari — 49%


AI loglarni tahlil qilish, shubhali harakatlarni aniqlash va xavfsizlik hisobotlarini tayyorlashni sezilarli darajada tezlashtirmoqda. Lekin yangi turdagi kiberhujumlar yuzaga kelganda yakuniy qaror va aniq strategiyani mutaxassislar ishlab chiqadi.


  • Texnik yordamchilar — 47%


Ko‘p takrorlanadigan texnik muammolarni aniqlash va dastlabki maslahatlarni berishda AI juda samarali ishlamoqda. Ammo murakkab nosozliklarni bartaraf etish va uskunalar bilan bevosita ishlash inson zimmasida qolmoqda.


Yosh mutaxassislar uchun qanday xavf mavjud?


Anthropic tadqiqoti sun’iy intellekt ommaviy ishsizlikni keltirib chiqardi, degan xulosani bermaydi. Biroq ayrim yo‘nalishlarda yangi xodimlarni ishga qabul qilish sur’ati sezilarli darajada sekinlashayotgani qayd etilgan.


Tadqiqotga ko‘ra, AI ta’siri yuqori bo‘lgan kasblarda 22–25 yoshdagi mutaxassislarni ishga yollash darajasi 2022-yilga nisbatan 14 foizga kamaygan. Bu esa ayniqsa oliy ta’limni endigina tamomlayotgan bitiruvchilar uchun mehnat bozorida raqobat kuchayib borayotganini anglatadi.


AI imkoniyatlaridan hali to‘liq foydalanilmayapti

Qizig‘i shundaki, ko‘plab sohalarda sun’iy intellektning mavjud imkoniyatlari ham to‘liq ishga solinmagan. Masalan, “Kompyuter va matematika” yo‘nalishidagi vazifalarning 94 foizini AI bajarishga qodir bo‘lsa-da, amalda undan atigi 33 foiz holatda foydalanilmoqda. Bu esa kelgusi yillarda AI ta’siri yanada kuchayishi mumkinligini ko‘rsatadi.


Qaysi kasblar hozircha xavfsizroq?


Anthropic hisob-kitoblariga ko‘ra, kasblarning qariyb 30 foizi hozircha sun’iy intellekt ta’siriga juda kam uchramoqda. Bular asosan jismoniy mehnat, amaliy ko‘nikmalar va insonning bevosita ishtirokini talab qiladigan kasblardir. Jumladan:


  • oshpaz;


  • bog‘bon;


  • mototsikl ustasi;


  • qutqaruvchi;


  • barmen;


  • idish yuvuvchi;


  • garderob xodimi.


Bunday kasblarda insonning amaliy tajribasi, jismoniy harakatlari va real muhitda ishlash qobiliyati hali ham Si bilan almashtirib bo‘lmaydigan ustunlik hisoblanadi. Bu tendensiya yoshlar orasida ham kuzatilmoqda. 


Kanadaning Jobber kompaniyasi 2025-yilda o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, Z avlodining 77 foizi avtomatlashtirish qiyin bo‘lgan kasblarni afzal ko‘rmoqda. Ularning 60 foizi qurilish, elektrotexnika, ishlab chiqarish hamda muhandislik tizimlariga xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlashni rejalashtirmoqda. 


Asosiy sabab sifatida barqaror daromad, ish o‘rnining xavfsizligi va sun’iy intellekt ta’sirining nisbatan pastligi ko‘rsatilgan.


Umuman olganda, sun’iy intellekt mehnat bozorini tubdan o‘zgartirmoqda. Endilikda xavf faqat oddiy va takrorlanuvchi kasblargagina emas, balki yuqori malaka talab qiladigan ko‘plab intellektual yo‘nalishlarga ham taalluqli bo‘lib bormoqda.


Shu sababli bugungi talaba va yosh mutaxassislar faqat diplom bilan cheklanib qolmasdan, sun’iy intellekt vositalaridan samarali foydalanishni, murakkab muammolarni hal qilishni, tanqidiy fikrlashni, ijodkorlik va muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirishi muhim. Kelajakda aynan AI bilan raqobat qiladigan emas, balki u bilan birgalikda samarali ishlay oladigan mutaxassislar mehnat bozorida ustunlikka ega bo‘ladi.

calendar icon 30-07-2026 13:16

Other news

Login