Nega ish suhbatiga chaqirishmayapti? Muammo nimada bo‘lishi mumkin?

Koplab bosh ish orinlariga ariza topshiryapsiz, rezyumeyingizni qayta-qayta tahrirlayapsiz, balki motivatsion xat ham yozayotgandirsiz. Ammo baribir hech qayerdan ish suhbatiga taklif kelmayapti. Bu hafsalangizni pir qilishi mumkin. Ammo ish suhbatiga chaqirilmaslik har doim ham tajribangiz yoki malakangiz yetarli emasligini anglatmaydi. Bunga boshqa ko‘plab sabablar ham bo‘lishi mumkin.

Keling, eng ko‘p uchraydigan sabablarni ko‘rib chiqamiz va vaziyatni yaxshilash uchun nima qilish mumkinligini aniqlaymiz.

Siz mos ish o‘rinlariga ariza topshiryapsizmi?

Agar ko‘plab ish o‘rinlariga ariza topshirayotgan bo‘lsangiz-u, lekin suhbatga chaqirishmayotgan bo‘lsa, muammo rezyumeyingiz yoki tajribangizda emas, balki tanlayotgan ishlaringizda bo‘lishi mumkin.

Ko‘pchilik ish izlovchilar ikki xil xatoga yo‘l qo‘yadi: o‘z malakasidan ancha yuqori bo‘lgan lavozimlarga ariza topshiradi yoki aksincha, o‘z malakasiga nisbatan juda past darajadagi lavozimlarni tanlaydi. Eng muhimi — shu ikki holat o‘rtasidagi to‘g‘ri muvozanatni topish.

Barcha talablarga javob bermasangiz...

Agar vakansiyada ko‘rsatilgan ayrim qo‘shimcha talablarga javob bermasangiz-u, asosiy talablarga mos kelsangiz, baribir ariza topshirib ko‘ravering. Biroq ayrim talablar majburiy bo‘lishi mumkin. Masalan, ma’lum bir sertifikat, oliy ma’lumot yoki maxsus ish tajribasi talab qilinishi mumkin.

Agar sizda mavjud bo‘lmagan talab sababli qayta-qayta rad javobini olayotgan bo‘lsangiz, ikki yo‘ldan birini tanlash kerak: kerakli malaka yoki sertifikatni qo‘lga kiritish yoki hozirgi ko‘nikmalaringizga ko‘proq mos keladigan lavozimlarni izlash.

Karyera bo‘yicha mutaxassis Yolanda Owens ish tavsiflarini baholashda 60/20/20 qoidasidan foydalanishni tavsiya qiladi. Unga ko‘ra, nomzod:

  • lavozim talablarining kamida 60 foizini hozirning o‘zida bajara olishi;

  • yana 20 foizini bir necha oy ichida o‘rganishga tayyor bo‘lishi;

  • qolgan 20 foizini esa yangi ko‘nikmalar sifatida egallashi mumkin bo‘lishi kerak.

Bu yondashuv ish qidiruvchining nafaqat hozirgi imkoniyatlarini, balki kelajakdagi rivojlanishini ham hisobga olishga yordam beradi.

Siz bu ish uchun yetarli malakaga ega emasmisiz?

Agar vakansiyadagi talablardan 60 foizidan ham kamiga javob bersangiz, ehtimol bu lavozim siz uchun hozircha mos emas. Ammo buning aksi ham muammo bo‘lishi mumkin. Agar siz barcha talablarga to‘liq javob bersangiz va hatto ulardan ancha yuqori malakaga ega bo‘lsangiz, ish beruvchi sizni yuqori malakaga ega nomzod deb hisoblash ehtimoli ham bor.

Bu biroz g‘alati tuyulishi mumkin, ammo haddan tashqari katta tajriba ham ishga qabul qilinish imkoniyatini kamaytirishi mumkin. Masalan, ish beruvchi siz yuqoriroq maosh talab qilishingizdan yoki ish siz uchun zerikarli bo‘lib, tez orada yaxshiroq taklif topib ketishingizdan xavotirlanishi mumkin. Agar shunday holat bo‘lishi mumkin deb hisoblasangiz, rezyumeyingizdagi tajribani qanday ko‘rsatayotganingizni qayta ko‘rib chiqing.

Masalan, necha yil ishlaganingizga emas, aynan ushbu lavozim uchun kerak bo‘ladigan ko‘nikmalaringizga ko‘proq urg‘u berishingiz mumkin. Motivatsion xatda esa ish beruvchining sizning ortiqcha malakangiz bilan bog‘liq ehtimoliy xavotirlariga qisqacha javob berishingiz mumkin.

Rezyumeyingiz ishga kirish imkoniyatingizni kamaytirmayaptimi?

Ba’zan suhbatga chaqirilmayotganingizning asosiy sababi aynan rezyumeyingiz bo‘lishi mumkin. Recruiterlar va ishga qabul qilish bo‘yicha mutaxassislar har bir rezyumeni juda qisqa vaqt ichida ko‘rib chiqadi. Agar rezyumeyingiz darhol e’tiborni tortmasa yoki unda ko‘plab xatolar bo‘lsa, siz o‘z imkoniyatingizni ko‘rsatishga ulgurmasdan turib rad etilishingiz mumkin.

Bundan tashqari, rezyumeyingizni hatto recruiter ko‘rmasidan oldin ham avtomatik saralash tizimi nomzodlar ro‘yxatidan olib tashlashi mumkin. Ko‘plab kompaniyalar nomzodlarni saralash uchun ATS (Applicant Tracking System) — ishga ariza topshirgan nomzodlarni avtomatik saralash tizimidan foydalanadi.

Bu tizim rezyumedagi muayyan ko‘nikmalar, kalit so‘zlar va malakalarni izlaydi. Agar rezyumeyingiz tizim izlayotgan talablarga mos kelmasa, u recruiter ko‘rib chiqish jarayoniga ham yetib bormasligi mumkin.

Har bir vakansiya uchun rezyumeyingizni moslashtiring

Har bir ishga bir xil rezyume yuborish vaqtni tejaydigan usuldek ko‘rinishi mumkin. Ammo bu har doim ham samarali emas. Recruiterlar umumiy rezyumelarni tezda payqaydi. Bundan tashqari, ATS tizimi ham kerakli kalit so‘zlarni topmasligi mumkin.

Shuning uchun har bir vakansiya uchun rezyumeyingizni moslashtiring. Aynan o‘sha lavozim uchun eng muhim bo‘lgan ko‘nikma va tajribalarni ajratib ko‘rsating.

Biroq buning uchun vakansiyadagi barcha kalit so‘zlarni rezyumega ko‘r-ko‘rona joylashtirish kerak emas. Vakansiya matnini shunchaki nusxalab, rezyumega joylashtirish orqali avtomatik saralash tizimini aldashga urinish katta xato.

Faqat kalit so‘zni rezyumega qo‘shganingiz sizda o‘sha ko‘nikma borligini anglatmaydi. Shuning uchun kalit so‘zlarni faqat tajribangizga haqiqatan ham mos keladigan joylarda ishlating va ularni keragidan ortiq takrorlamang.

Aniq va natijaga yo‘naltirilgan rezyume tayyorlang

Agar rezyumeyingizni o‘qish qiyin bo‘lsa — shrift juda kichik, matnlar juda zich yoki formatlash bir xil bo‘lmasa — recruiter uni batafsil ko‘rib chiqmasligi mumkin. Rezyumeda sodda va toza dizayndan, aniq sarlavhalardan, qisqa bandlardan foydalaning. Rezyumeda ishlatiladigan til ham juda muhim.

Faqat nima vazifa bajarganingizni emas, qanday natijaga erishganingizni ko‘rsatishga harakat qiling. Masalan, “Ijtimoiy tarmoq sahifalarini yuritdim” deyish o‘rniga, “Kontentni strategik rejalashtirish orqali ijtimoiy tarmoqlardagi faollikni 35 foizga oshirdim” deb yozish ancha ta’sirli chiqadi.

Rezyumeni yuborishdan oldin uni yana bir bor tekshiring. Hatto bitta imlo xatosi ham recruiterda sizning mayda detallarga e’tiboringiz yetarli emas degan taassurot qoldirishi mumkin.

Rezyumeni ovoz chiqarib o‘qib ko‘ring, imlo tekshiruv dasturidan foydalaning va imkon bo‘lsa, boshqa bir kishidan ham ko‘rib chiqishini so‘rang. Kichik xatolar ham ishga qabul qilish jarayonining dastlabki bosqichidayoq rad javobiga sabab bo‘lishi mumkin.

Juda ko‘p ish joylarini sanamang

Rezyume avtobiografiya emas. Unda hayotingiz davomida qilgan barcha ishlaringizni yozish shart emas. Uning maqsadi — sizning eng muhim va aynan shu lavozimga aloqador yutuqlaringizni qisqa ko‘rsatish.

Shuning uchun ishlagan barcha joylaringizni batafsil sanab o‘tish o‘rniga, eng muhim va tegishli tajribangizga e’tibor qarating. Agar uzoq yillik ish tajribangiz bo‘lsa, eski lavozimlarni qisqacha umumlashtirish, eng so‘nggi va tegishli tajribalarni esa batafsilroq ko‘rsatish mumkin.

Motivatsion xatingiz yordam beryaptimi yoki aksincha?

Ishga ariza topshirayotgan bo‘lsangiz-u, suhbatga chaqirishmayotgan bo‘lsa, muammo motivatsion xatingizda yoki uning umuman yo‘qligida ham bo‘lishi mumkin. 

Ba’zi ish beruvchilar motivatsion xat talab qilmaydi. Shunga qaramay, yaxshi yozilgan motivatsion xat ba’zan sizni boshqa nomzodlardan ajratib turishi mumkin. 
Ayniqsa, quyidagi holatlarda u foydali:

  • boshqa soha yoki lavozimga o‘tayotgan bo‘lsangiz va bu o‘zgarish sababini tushuntirishingiz kerak bo‘lsa;

  • mehnat faoliyatingizda tanaffuslar bo‘lsa;

  • aynan shu kompaniyada ishlashga chin dildan qiziqsangiz va o‘zingizni boshqa nomzodlardan ajratib ko‘rsatmoqchi bo‘lsangiz.

Motivatsion xatdan bunday holatlarni qisqacha va ijobiy tarzda tushuntirish uchun foydalaning. Aks holda recruiterda javobsiz savollar ko‘payishi mumkin.

Motivatsion xatni ham har bir vakansiyaga moslang

Motivatsion xat rezyumeni shunchaki takrorlamasligi kerak. U tajribangizga qo‘shimcha ma’no va shaxsiy jihatlarni qo‘shishi lozim.

Masalan, “Men mehnatkashman va muloqot qobiliyatim kuchli” kabi umumiy gaplar sizni boshqa nomzodlardan ajratib ko‘rsatolmaydi. Buning o‘rniga tajribangiz haqida qiziqarli va ishonarli hikoya yozing hamda nima uchun aynan shu lavozimga mos ekaningizni ko‘rsating.

Bundan tashqari, kompaniya faqat “Siz nega bu ishga mos kelasiz?” degan savolga javob izlamaydi. Ular “Nega aynan bizning kompaniyada ishlamoqchisiz?” degan savolga ham javob kutadi.

Shuning uchun yaxshi motivatsion xatda kompaniya, uning maqsadlari yoki aynan shu lavozimda sizni nima qiziqtirayotgani haqida yozing. Kompaniyaning qadriyatlari, ish muhiti va bu lavozim sizning karyera maqsadlaringiz bilan qanday bog‘lanishini ko‘rsatishga harakat qiling.

Muammo sizda bo‘lmasligi ham mumkin

Ishlarga ariza topshirib, suhbatga chaqirilmayotganingizda, “Men nimani noto‘g‘ri qilyapman?” deb o‘ylashingiz tabiiy. Ammo ba’zida muammo sizda emas, kompaniya ichida sodir bo‘layotgan jarayonlarda bo‘lishi ham mumkin.

Lavozim uchun nomzod allaqachon tanlangan bo‘lishi mumkin

Ba’zi kompaniyalar aslida ichkarida mos nomzod bo‘lsa ham, vakansiyani ochiq e’lon qiladi. Bunday vaziyatda ishga qabul qilish jarayoni haqiqiy tanlovdan ko‘ra rasmiyatchilikka aylanib qolishi mumkin.

Shuning uchun ayrim kompaniyalarga ariza topshirganingizdan keyin javob kelmayotgan bo‘lsa, bunga kerakli nomzod oldindan tanlab bo‘lingani sabab bo‘lishi mumkin. Bu, albatta, bunday vakansiyaga umuman ariza bermaslik kerak degani emas.

Kompaniyada vaziyat o‘zgargan bo‘lishi mumkin

Kompaniya vakansiya e’lon qilgani uning albatta yangi xodimni ishga olishini anglatmaydi. Kompaniyaning budjeti o‘zgarishi, ustuvor yo‘nalishlari almashishi yoki ishga qabul qilish vaqtincha to‘xtatilishi mumkin.

Hatto siz ariza topshirganingizdan keyin ham bunday o‘zgarish yuz berishi ehtimoli bor. Bundan tashqari, vakansiyada yozilgan vazifalar har doim ham ishning haqiqiy mazmunini to‘liq aks ettirmaydi.

Ba’zi kompaniyalar eski vakansiya matnlaridan qayta foydalanadi va ularni yangilamaydi. Mehnat bozori tez o‘zgarayotgan bir paytda esa lavozimning vazifalari ham tez-tez o‘zgarib turishi mumkin. Bugun topshirgan arizangizdagi talablar keyingi hafta o‘zgarib qolishi ham mumkin.

Raqobat juda kuchli bo‘lishi mumkin

Yaxshi lavozimlarga ba’zan o‘nlab, hatto yuzlab odamlar ariza topshiradi. Agar rezyumeyingiz formati, kalit so‘zlar yoki tajriba jihatidan boshqa nomzodlardan darhol ajralib turmasa, ularning orasida ko‘rinmay qolishi mumkin. Shuning uchun rezyume va motivatsion xatni har bir vakansiyaga moslashtirish juda muhim.

Ish beruvchining shaxsiy qarashlari ham ta’sir qilishi mumkin 

Ishga qabul qilish jarayonini imkon qadar adolatli tashkil etishga harakat qilinishiga qaramay, ayrim holatlarda ish beruvchining ongsiz tanlovi ham qarorga ta’sir qilishi mumkin.

Masalan, nomzodning yoshi, ish faoliyatidagi tanaffuslar yoki hatto yashash joyi ham ish beruvchining qaroriga sezilmas darajada ta’sir qilishi ehtimoli bor.

Agar bunday omil sizning holatingizda ham bo‘layotganligidan shubhalansangiz, rezyumeni qayta ko‘rib chiqing. Masalan, o‘qishni tamomlagan yilingizni ko‘rsatmaslik yoki ish faoliyatidagi uzoq tanaffuslarga ortiqcha urg‘u bermaslik mumkin.

Soxta vakansiyalar ham bo‘ladi

Har bir e’lon qilingan vakansiyadan keyin albatta yangi xodim ishga olinavermaydi. Ba’zan kompaniyalar aslida xodim olishni rejalashtirmasa ham, vakansiya e’lon qiladi. Recruiterlar bunday vakansiyalarni turli sabablar bilan e’lon qiladi.

Masalan, kelajakdagi vakansiyalar uchun nomzodlar bazasini shakllantirish va rezyumelarni yig‘ish uchun. Ba’zi kompaniyalar esa yangi xodim olish uchun ehtiyoji bo‘lmasa ham, o‘zini o‘sayotgan kompaniya sifatida ko‘rsatish uchun ham vakansiya e’lon qilishi mumkin.

Ayrim hollarda rahbarlar mavjud xodimlarga bosim o‘tkazish, ya’ni ularning o‘rnini boshqa nomzod bilan almashtirish mumkinligini ko‘rsatish uchun ham vakansiya e’lon qiladilar.

Ba’zi hollarda esa kompaniya nomzodni allaqachon tanlagan bo‘lsa ham, vakansiyani qonunchilik nuqtayi nazarida ochiq e’lon qilishi talab etiladi.

Imkoniyatingizni oshirish uchun nima qilish kerak?

Agar ko‘plab ish o‘rinlariga ariza topshirib, lekin suhbatga chaqirilmayotgan bo‘lsangiz, umidingizni so‘ndirmang. Imkoniyatingizni oshirish va rezyumeyingizga e’tibor qaratish uchun bir qator amaliy choralarni ko‘rishingiz mumkin.

Avvalo, rezyume va motivatsion xatingizni qayta ko‘rib chiqing. Ularni mentor, karyera bo‘yicha mutaxassis yoki ishga qabul qilish tajribasiga ega bo‘lgan tanishingizga ko‘rsatib, fikrini so‘rang.

Boshqa bir insonning qarashi rezyumeyingizdagi noaniq format, g‘aliz ifodalar yoki vakansiyaga mos kelmaydigan kalit so‘zlar kabi muammolarni aniqlashga yordam berishi mumkin.

Bundan tashqari, quyidagi usullar ham foydali: Professional aloqalaringizni kengaytiring, aloqa o‘rnating, aloqa o‘rnating va yana aloqa o‘rnating.

Yangi ish izlayotganingizni odamlarga aytishdan uyalmang, qo‘rqmang. Biroq shunchaki “ish izlayapman” deyishning o‘zi yetarli emas.

Qanday bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirmoqchi ekaningiz, qanday muhitda ishlashni istashingiz va qanday ish qidirayotganingizni aniq tushuntiring. Shunda sizga yordam beradigan odamlar ham aniqroq yo‘l-yo‘riq bera oladi.

Ish topish imkoniyatingizni oshirish uchun sohangizdagi mutaxassislar bilan tanishing va aloqalar o‘rnating. Ayniqsa, ariza topshirayotgan kompaniyalaringizda ishlayotgan xodimlar bilan bog‘lanish foydali.

LinkedIn’da ham aloqalarni kengaytiring, sohangizga oid guruhlarga qo‘shiling va tajribali mutaxassislar bilan qisqa suhbatlashishdan tortinmang.

Kerakli ko‘nikmalarni rivojlantiring

Agar qayta-qayta rad javobini olayotgan bo‘lsangiz va o‘zingizga “Nega meni suhbatga chaqirishmayapti?” degan savolni berayotgan bo‘lsangiz, malakangizni qayta baholash vaqti kelgan bo‘lishi mumkin.

Ish beruvchilar ko‘p talab qiladigan, ammo sizda hali yo‘q ko‘nikma yoki sertifikatlar bormi? 

Agar shunday bo‘lsa, onlayn kurslarda o‘qish, treninglarda qatnashish yoki shu ko‘nikmalaringizni amalda ko‘rsatadigan shaxsiy loyihalar ustida ishlashni boshlang. Bu nafaqat bilimlaringizni oshiradi, balki keyingi ish beruvchiga o‘zingizni rivojlantirishga tayyor ekaningizni ham ko‘rsatadi.

Yuborgan arizalaringizni kuzatib boring

Qaysi kompaniyalarga ariza yuborganingiz, ishga qabul qilish jarayonining qaysi bosqichigacha yetib borganingiz va aynan qanday lavozimlardan javob olayotganingizni yozib boring.Bu sizga ish qidirish strategiyangizni yanada takomillashtirishga yordam beradi.

Masalan, agar ma’lum bir soha yoki lavozimlarga topshirgan arizalaringizdan ko‘proq suhbatga taklif olayotgan bo‘lsangiz, aynan shu yo‘nalishlarga ko‘proq e’tibor qaratish kerak.

Agar turli lavozimlarga ko‘plab ariza topshirib, baribir suhbatga chaqirilmayotgan bo‘lsangiz, ish qidirish yo‘nalishingizni toraytirib, o‘zingizga mos lavozimlarga ko‘proq e’tibor qarating. 

Taslim bo‘lmang

Ish izlash, ayniqsa ketma-ket rad javoblarini olayotgan bo‘lsangiz, bu sizni juda charchatishi va hafsalangizni pir qilishi mumkin. Ammo bir narsani unutmang: ishga qabul qilinmaganingiz sizning qobiliyatingiz yoki imkoniyatlaringizni belgilamaydi. 

Ishga qabul qilish qaroriga ko‘plab omillar ta’sir qiladi va ularning ayrimlari umuman sizga bog‘liq bo‘lmasligi mumkin.

Sizning qo‘lingizda bo‘lgan narsa — ish qidirish jarayoniga qanday yondashishingiz. 

Rezyume va arizalaringizni takomillashtiring, o‘zingizga mos lavozimlarni tanlang, professional aloqalaringizdan foydalaning va yangi ko‘nikmalarni o‘rganishga ochiq bo‘ling. Buning uchun vaqt kerak bo‘ladi. Sabr bilan harakat qilsangiz, oxir-oqibat albatta natijaga erishasiz. 

calendar icon 14-09-2026 17:59

Другие новости

Вход