Hozirgi yoshlar o‘z karyera kelajagiga nisbatan ijobiy fikrda

Dunyodagi yetakchi ish qidirish platformalaridan biri Indeed 2025-yil noyabr oyida Z avlod vakillari hamda ish beruvchilar ishtirokida so‘rovnoma o‘tkazgandi.


Indeed tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari shuni ko‘rsatadiki, bugungi mehnat bozorida boshlang‘ich ish o‘rinlari kamayib borayotganiga qaramay, Z avlod vakillari o‘z karyera kelajagiga nisbatan ijobiy fikrda.


So‘rovnoma natijalari bunday bo‘lishini hech kim kutmagandi, chunki aynan yoshlar uchun ish topish tobora murakkablashib borayotgan bir paytda ularning bu borada hali hamon optimistik fikrda.


Mutaxassislar fikricha, Z avlod vakillari mehnat bozoriga emas, o‘ziga ishonmoqda. Indeed kompaniyasining katta strategiya maslahatchisi Kayl M.K.ning aytishicha,  Z avlod vakillari  ish bozori barqarorligiga emas, balki har qanday vaziyatga moslasha olish qobiliyatiga tayanadi.


Ularning hayoti iqtisodiy inqirozlar, pandemiya, texnologik sakrashlar va sun’iy intellektning tez kirib kelishi bilan chambarchas bog‘liq bo‘ldi. Shu sababli bu avlod keskin o‘zgarishlarni tabiiy holat sifatida qabul qiladi va kelajagini shunga mos rejalashtira oladi.


So‘rovnoma natijalariga ko‘ra


  • Z avlod vakillarining 77 foizi o‘z karyera istiqbolini ijobiy baholagan;


  • millenniallar orasida bu ko‘rsatkich 65 foiz;


  • ish izlovchilarning 59 foizi o‘z karyera maqsadlariga erishishiga ishonadi.


Indeed hisobotida ta’kidlanishicha, hozirgi mehnat bozorida ishga olish va xodimlarni ushlab qolish masalasida sezilarli tafovut mavjud.


So‘rovnomaga ko‘ra, ish izlovchilarning 35 foizi sun’iy intellektning keng joriy etilishiga katta xavotir bilan qaramoqda. Ya’ni, ular sun’iy intellekt ish o‘rinlarini qisqartirishi yoki ayrim kasblarni keraksiz qilib qo‘yishidan qo‘rqmoqda.


Ayni paytda ish beruvchilarning 40 foizi AI’ni 2026-yilda asosiy ustuvor yo‘nalish deb biladi. Ya’ni, bir tomonda texnologiyani faol joriy etishga intilayotgan ish beruvchilar, ikkinchi tomonda esa o‘z malakasi va ish o‘rnining kelajagidan xavotir olayotgan xodimlar turibdi.


Ish beruvchilar AI ta’siri qanday bo‘lishini kutyapti. Shu sababli ular yangi xodim olishga shoshilmayapti. Lekin hozirgi xodimlarni ham ommaviy ishdan bo‘shatmayapti.


Umuman olganda, sun’iy intellekt borasidagi noaniqlik ish beruvchilarni ham, xodimlarni ham ehtiyotkorlikka undayapti, natijada mehnat bozori muzlagan holatda turibdi.


Axios tahlilchilarining qayd etishicha, ko‘plab ekspertlar kompaniyalarga sun’iy intellekt bilan bog‘liq loyihalarda Z avlod vakillariga tayangan ma’qul deb hisoblamoqda.


Sababi, yoshlar texnologiyani tez o‘zlashtiradi va undan qo‘rqmaydi. Ular AI’ni o‘zining o‘rnini egallab oluvchi xavf sifatida emas, balki o‘z ishini samaraliroq qilish vositasi sifatida qabul qilmoqda.


So‘rovnoma yana bir muhim holatni ko‘rsatdi: turli avlod vakillari orasida bir vaqtning o‘zida bir nechta ish yoki daromad manbaiga ega bo‘lish tendensiyasi ortib bormoqda.


Ya’ni, Z avlod vakillarining yarmidan ko‘pi qo‘shimcha ish bilan shug‘ullanadi. Keksaroq avlod vakillari orasida esa bu ko‘rsatkich ancha past.


Bugungi yoshlar barqarorlikni bitta ish joyiga bog‘lab qo‘ymayapti, ular uchun muhim narsa — har doim boshqa va ko‘proq variant bo‘lishi.


So‘rovnoma natijalari shuni ko‘rsatadiki, Z avlod vakillari murakkablashib borayotgan mehnat bozoriga qaramay, o‘z karyera kelajagiga ishonchini yo‘qotmagan. Ular barqarorlikni bitta ish joyidan emas, moslashuvchanlik, yangi ko‘nikmalar va bir nechta imkoniyatga ega bo‘lishdan izlamoqda. 


Sun’iy intellekt atrofidagi noaniqlik esa mehnat bozorini ehtiyotkor holatga keltirgan bo‘lsa-da, aynan shu sharoitda texnologiyani tez o‘zlashtira oladigan yoshlar ish beruvchilar uchun muhim kuchga aylanib bormoqda.

calendar icon 04-02-2026 16:36
Вход