Nega ish beruvchilar universitet bitiruvchilaridan norozi?

Universitetni yuqori baholar bilan tamomlagan, diplomi nufuzli oliygoh nomi bilan bezatilgan, ilmiy konferensiyalarda qatnashgan bitiruvchi birinchi ish suhbatiga keladi. Suhbat davomida undan jamoada yuzaga kelgan nizoni qanday hal qilishi, tanqidni qanday qabul qilishi yoki mijoz bilan murakkab vaziyatda qanday muloqot qilishi so‘raladi. Biroq aynan shu savollar oldida u ikkilanib qoladi.

Natijada ish beruvchi uning bilimiga emas, o‘zini tutishiga, muloqot madaniyatiga va vaziyatni boshqarish qobiliyatiga baho beradi. Diplom esa ikkinchi darajali hujjatga aylanadi.

Bugungi kunda AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada va boshqa rivojlangan davlatlarda aynan shunday holatlar tobora ko‘paymoqda. Xalqaro tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, muammo bitiruvchilarning bilimida emas.

Muammo – olingan bilimni ish faoliyatida qo‘llash imkonini beradigan ko‘nikmalarning yetishmasligidadir. Bu holat nafaqat bitiruvchilar, balki oliygohlarlar va ta’lim siyosatini belgilovchi shaxslar oldiga ham jiddiy savollarni qo‘ymoqda.

Muammo haqida raqamlar nima deydi?

So‘nggi yillarda e’lon qilingan xalqaro hisobotlar bir-biridan mustaqil bo‘lishiga qaramay, deyarli bir xil xulosaga kelmoqda: ish beruvchilar texnik bilimlardan ko‘ra insoniy ko‘nikmalarning yetishmasligidan ko‘proq xavotirda.

Jahon iqtisodiy forumining Future of Jobs Report 2025 hisobotiga ko‘ra, ish beruvchilarning 63 foizi biznesni rivojlantirishdagi eng katta to‘siq sifatida aynan xodimlardagi malaka va ko‘nikmalar bo‘shlig‘ini ko‘rsatgan. Sun’iy intellekt, ma’lumotlar tahlili va raqamli texnologiyalar bo‘yicha bilimlarga talab ortayotgan bo‘lsa-da, tahliliy fikrlash, moslashuvchanlik, liderlik va hamkorlik kabi insoniy kompetensiyalar yaqin yillarda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi.

Cengage Group tomonidan o‘tkazilgan 2025-yilgi tadqiqot esa yana bir muhim muammoni ochib berdi. So‘rov o‘tkazilgan paytda 2025-yil bitiruvchilarining uchdan bir qismi hali ham ish qidirayotgan edi. Shu bilan birga, ish beruvchilarning 76 foizi o‘tgan yilga nisbatan bir xil miqdorda yoki undan ham kamroq boshlang‘ich lavozimlarga xodim yollaganini bildirgan.

Tadqiqot mualliflari ish beruvchilardan “Nomzodni tanlashda eng muhim omil nima bo‘ldi?” degan savolga javob olishdi. Kutilganidek, javob diplom yoki reyting ballari emasdi. Ish beruvchilar tavsiyanoma, amaliyot tajribasi va suhbatdagi ishonchli muloqotni asosiy omillar sifatida ko‘rsatishdi.

Yana bir e’tiborni tortadigan raqam shundaki, oliy ta’lim muassasalari pedagoglarining atigi yarmi o‘quv dasturining beshdan bir qismidan ko‘prog‘ini mehnat bozori uchun zarur ko‘nikmalarni shakllantirishga bag‘ishlaydi. Shu bilan birga, bitiruvchilarning uchdan biridan ortig‘i universitet ish beruvchilar bilan yaqinroq hamkorlik qilib, amaliyotga yo‘naltirilgan ta’limni kuchaytirishi kerakligini bildirgan.

NACE Job Outlook 2025 hisobotida esa yana bir qiziqarli holat aniqlangan. Talabalar o‘zlarini muloqot, tanqidiy fikrlash va professionallik bo‘yicha yuqori baholaydi. Ish beruvchilar esa aynan shu ko‘nikmalar bo‘yicha ularning tayyorgarligini ancha past deb hisoblaydi. Ba’zi yo‘nalishlarda bu tafovut 30 foizdan ham yuqori.

Bu shuni anglatadiki, bitiruvchilar o‘zlarini mehnat bozoriga tayyor deb hisoblashadi, ish beruvchilar esa buning aksini ko‘rmoqda.

Ish beruvchilar aslida nimani kutmoqda?

Turli mamlakatlarda o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ish beruvchilarning talablari deyarli bir xil. Ular yosh mutaxassisdan mukammal tajriba yoki barcha texnik bilimlarni kutmaydi. Buning o‘rniga tez o‘rganadigan, jamoaga moslasha oladigan va mas’uliyatni his qiladigan xodimni afzal ko‘radi.

So‘nggi o‘ttiz yillik ilmiy izlanishlarni tahlil qilgan Heliyon jurnalidagi tadqiqotga ko‘ra, ish beruvchilar tomonidan eng ko‘p talab qilinadigan kompetensiyalar quyidagilar:

  • muammolarni hal qilish qobiliyati;

  • samarali muloqot;

  • jamoada ishlash;

  • o‘zgarishlarga moslashish;

  • yangi bilimlarni tez o‘zlashtirishga tayyorlik.

Qizig‘i shundaki, bu talablar yangi emas. Ular o‘nlab yillar davomida deyarli o‘zgarmagan. O‘zgarmayotgan narsa ish beruvchilarning kutuvlaridir. O‘zgarishi kerak bo‘lgan esa ta’lim jarayonidir.

Nega aynan “yumshoq ko‘nikmalar” hal qiluvchi omilga aylandi?

Texnik bilimlarni o‘rganish bugungi kunda avvalgidan ancha oson. Internet, sunэiy intellekt va onlayn kurslar istalgan mutaxassislik bo‘yicha bilim olish imkonini bermoqda. Ammo hissiy intellekt, tinglash madaniyati, jamoa bilan ishlash yoki bosim ostida to‘g‘ri qaror qabul qilishni ыргтсрфлш kitob o‘qish orqali o‘rganib bo‘lmaydi.

Shuning uchun ham ish beruvchilar bugungi kunda quyidagi fazilatlarni alohida qadrlamoqda:

  • murakkab vaziyatlarda xotirjam qolish;

  • tanqidni to‘g‘ri qabul qilish;

  • nizolarni hal qila olish;

  • hamkasblar bilan sog‘lom munosabat qurish;

  • turli auditoriyalar bilan samarali muloqot qilish;

  • o‘z xatolarini tan olib, ulardan xulosa chiqarish.
  • Bularning barchasi hissiy intellekt bilan chambarchas bog‘liq.

Ko‘plab HR mutaxassislari nomzodning texnik bilimlarini ish jarayonida rivojlantirish mumkinligini, ammo muloqot madaniyati va mas’uliyat hissini qisqa muddatda shakllantirish ancha mushkul ekanini ta‘kidlaydi.

Universitetlar qayerda xato qilmoqda?

Mutaxassislar bu holatni universitetlarning beparvoligi bilan emas, balki ta’lim tizimining o‘ziga xos xususiyatlari bilan izohlaydi. Birinchi muammo shundaki, yumshoq ko‘nikmalarni auditoriyada ma’ruza orqali o‘rgatib bo‘lmaydi.

Muloqot haqida ikki soatlik dars o‘tish insonni yaxshi notiq qilmaydi. Hissiy intellekt haqida kitob o‘qish esa uni rivojlantirmaydi. Bunday kompetensiyalar faqat amaliy mashg‘ulotlar, real vaziyatlar, muntazam mashq va sifatli fikr-mulohaza orqali shakllanadi.

Ikkinchi muammo baholash tizimida. Talaba faqat test yoki yozma imtihon uchun baho olsa, tabiiyki, u aynan shu yo‘nalishda tayyorgarlik ko‘radi. Jamoada ishlash, muzokara olib borish yoki omma oldida nutq so‘zlash baholanmasa, bu ko‘nikmalar ikkinchi darajaga tushib qoladi.

Uchinchi muammo esa universitetlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikning sustligidir. Ko‘plab o‘quv dasturlari mehnat bozorining bugungi talablari asosida emas, balki ancha yillar oldin shakllangan yondashuv asosida tuzilgan.

Hissiy intellekt – endi qo‘shimcha emas, asosiy kompetensiya

Avvallari hissiy intellekt shaxsiy fazilat sifatida qaralgan bo‘lsa, bugungi kunda u mehnat bozoridagi eng muhim kompetensiyalardan biriga aylanmoqda.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, hissiy intellekti yuqori bo‘lgan xodimlar:

  • ishga tezroq moslashadi;

  • jamoa bilan yaxshi ishlaydi;

  • rahbarlar ishonchini tezroq qozonadi;

  • lavozimda tezroq o‘sadi;

  • ish joyini kamroq almashtiradi.

Eng muhimi, bu ko‘nikma tug‘ma emas. Uni rivojlantirish mumkin.

Bitiruvchilarni ishga tayyorlash qanday bo‘lishi kerak?

Mutaxassislarning fikricha, mehnat bozori bilan universitet o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etish uchun oddiygina “Karyera” fanini joriy etish yetarli emas.Balki, o‘quv jarayonining o‘zi o‘zgarishi kerak.

Talabalar ko‘proq amaliy loyihalarda ishtirok etishi, ish beruvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishi, intervyu mashqlarini bajarishi, jamoaviy loyihalarda ishlashi va o‘z faoliyatini tahlil qilishni o‘rganishi zarur.

Bundan tashqari, universitetlar o‘quv dasturlarini ish beruvchilar bilan birgalikda muntazam yangilab borishi, talab qilinayotgan kompetensiyalarni baholash tizimiga kiritishi va talabalarning o‘zini baholash ko‘nikmalarini ham rivojlantirishi lozim.

Umuman olganda, bugungi mehnat bozori universitet bitiruvchisidan faqat diplom yoki yuqori baholarni kutmaydi. Ish beruvchilar bilimni amaliyotga tatbiq eta oladigan, jamoa bilan ishlay oladigan, mas’uliyatni zimmasiga olishga tayyor va doimiy rivojlanishga intiladigan mutaxassislarni izlamoqda.

Shu bois zamonaviy universitetning asosiy vazifasi faqat bilim berish emas, balki talabani haqiqiy ish muhitiga tayyorlashdan iborat. Kelajakda eng muvaffaqiyatli oliy ta’lim muassasalari eng yuqori kirish balliga ega bo‘lganlari emas, balki bitiruvchilarini mehnat bozoriga eng puxta tayyorlay olgan universitetlar bo‘ladi.

Ushbu maqola bodyswaps.co nashri tomonidan e’lon qilingan maqola asosida tayyorlandi.

calendar icon 29-06-2026 18:51

Другие новости

Вход