Talaba va yoshlarga biznes qilishi uchun 2 mlrd so‘mgacha kredit beriladi

“Tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Daryo.uz nashri ma’lum qildi.


Hujjatga ko‘ra, mazkur qarorni qabul qilishning asosiy maqsadlari quyidagilarni 2026—2028-yillarda amalga oshirishdir:


  • 300 mingdan ortiq yoshlarni qamrab olish, shu jumladan, 100 mingga yaqin qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish hamda ularning mehnat bozoriga muvaffaqiyatli kirishini qo‘llab-quvvatlash;


  • sanoat, xizmatlar ko‘rsatish sohalaridagi, shu jumladan, o‘zini o‘zi band qilishga qaratilgan yoshlarning tadbirkorlik tashabbus va g‘oyalarini moliyalashtirish tizimini rivojlantirish;


  • xodimlarning ko‘pchilik qismini yoshlar tashkil etadigan, shuningdek, ularning bandligini va daromadini oshirishga qaratilgan biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlash.


Qarorda belgilanishicha, “Yoshlar biznesi” va “Kelajakka qadam” dasturlarining navbatdagi bosqichi amalga oshiriladi. AT “Aloqabank” tomonidan “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida xizmat ko‘rsatish (servis) va ishlab chiqarish sohalaridagi, shu jumladan, quyidagi yo‘nalishlarda kredit mahsulotlari bo‘yicha 31 yoshga to‘lmaganlarga asosiy qarzdan 1 yilgacha, foiz to‘lovlaridan 3 oygacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha kreditlar (mikroqarzlar) Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada ajratiladi:


Sug‘urta polisi ta’minoti yoki 3-shaxs kafilligi asosida 100 mln so‘mgacha imtiyozli mikroqarzlarni quyidagi loyihalar bo‘yicha ajratiladi:


  • yoshlarning xorijiy til va raqamli texnologiyalarni o‘rganishi hamda zamonaviy kasb-hunarni egallashi bo‘yicha o‘qish xarajatlarini moliyalashtirish uchun — 20 mln so‘mgacha;


  • zamonaviy kasblar, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlar marketingi, mobilografiya, frilanserlik, internet (onlayn) do‘konlar tashkil etish va o‘zini o‘zi band qilish faoliyat turiga mos loyihalar uchun — 50 mln so‘mgacha;


  • kasanachilik, to‘qimachilik mahsulotlarini tayyorlash, tikuvchilik va boshqa mahsulotlarni ikkilamchi qayta ishlash va (yoki) sotish, ulardan yangi mahsulotlar tayyorlash loyihalari uchun — 50 mln so‘mgacha;


  • novvoychilik va shirinliklar tayyorlash hamda sotish loyihalarga — 100 mln so‘mgacha.


Mol-mulk grovi asosida 300 mln so‘mgacha kreditlarni quyidagi loyihalarga ajratiladi:


  • sayilgoh, turistik maskan, gastronomik ko‘cha va boshqa jamoat joylarida ko‘chma yoki yengil konstruksiyali shoxobcha va nuqtalarni tashkil etish, ularga jihoz va vositalarni xarid qilish uchun — 200 mln so‘mgacha;


  • avtotransport vositalarida yo‘lovchilarni tashish va yuklarni yetkazib berish loyihalari uchun — 300 mln so‘mgacha.


“O‘zmilliybank” AJ tomonidan “Kelajakka qadam” dasturi doirasida “Kelajak tadbirkorlari” loyihasi amalga oshiriladi va biznes g‘oyalarini amalga oshirish istagida bo‘lgan 31 yoshga to‘lmagan talaba va yoshlarga 2 mlrd so‘mgacha kredit ajratiladi. Xususan: 


  • o‘zini o‘zi band qilgan va biznesga ilk qadam qo‘ymoqchi bo‘lganlarga 6 oylik imtiyozli davr bilan 18 oygacha garovsiz 20 mln so‘mgacha;


  • zarur biznes ko‘nikmaga ega bo‘lib, tadbirkorlik subyekti sifatida mustaqil biznes boshlamoqchi bo‘lganlarga 1 yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga 300 mln so‘mgacha;


  • tadbirkorlik subyekti sifatida mustaqil biznes boshlagan va faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lgan yoshlarga 7 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan 2 mlrd so‘mgacha.


Shuningdek, talaba va yoshlarni ish bilan ta’minlagan tadbirkorlarga 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilga 10 mlrd so‘mgacha kredit ajratiladi. 


Bunda mazkur imtiyozli kredit tadbirkorlik subyektlariga har ikki mlrd so‘m qiymatgacha bo‘lgan mablag‘ uchun kamida ikki nafar talaba va yoshlarni ishga qabul qilish sharti bilan ajratiladi. 


Imtiyozli kredit ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarga asosiy vositalar sotib olish hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun ajratiladi.Tadbirkor uning imtiyozli kredit olishiga sabab bo‘lgan ishsiz yoshlar o‘rtasida ikki yil davomida mehnat shartnomasi bekor bo‘lsa, kredit foizi mehnat shartnomasi bekor bo‘lgan sanadan tijorat stavkasiga o‘zgartiriladi. 


Ushbu xodimlar o‘rniga 1 oy ichida boshqa ishsiz yoshlar ishga qabul qilingan hollar bundan mustasno.Ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlashda mehnat shartnomasida ish haqi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining ikki baravaridan kam bo‘lmasligi talab etiladi.

calendar icon 03-06-2026 12:31

Другие новости

Вход