Amaliyot (stajirovka) haqida gap ketganda, ko‘pchilikning hayoliga oddiy, kam haq to‘lanadigan yoki umuman haq to‘lanmaydigan, mayda ishlarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlar keladi. Aniqrog‘i, ko‘pchilikda mana shunday stereotip shakllanib qolgan. Ammo bugungi kunda bu tasavvur tobora eskirib bormoqda. Zamonaviy amaliyot dasturlari ancha strategik ahamiyat kasb etib, karyeraga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan real imkoniyatga aylangan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, amaliyot o‘tagan talabalar oliygohni tamomlaganidan keyin 6 oy ichida doimiy ishga joylashish ehtimoli taxminan 25 foizga yuqori bo‘lgan. Bu esa hozirgi raqobat kuchli bo‘lgan mehnat bozorida juda katta ustunlik hisoblanadi.
LinkedIn’ning karyera bo‘yicha muharriri Endryu Simenning ta’kidlashicha, ish izlovchilar boshqalardan ajralib turish uchun qo‘shimcha ustunlik beradigan har qanday imkoniyatni izlashlari kerak va amaliyot aynan shunday imkoniyatlardan biridir. U yoshlarni imkon qadar ko‘proq amaliyot o‘tashga undaydi, chunki bu nafaqat tajriba, balki muhim professional aloqalarni ham shakllantiradi.
Mutaxassislarning fikricha, bugungi kunda boshlang‘ich darajadagi ko‘plab ish o‘rinlari uchun ham nomzodlardan tajriba talab qilmoqda. Shu sababli amaliyot deyarli majburiy bosqichga aylanib bormoqda. Amaliyot orqali talabalar ish tajribasiga ega bo‘lish bilan birga, o‘zlarini mehnat bozoriga tayyorlaydi.
Amaliyot faqat bir kompaniyada ishlash bilan cheklanib qolmaydi. Hatto stajyor o‘sha tashkilotda ishda qolmasa ham, u yerda orttirilgan tajriba va aloqalar keyingi ish topish jarayonida katta rol o‘ynaydi.
Shuningdek, amaliyot yoshlar uchun karyera yo‘nalishini aniqlash vositasi ham hisoblanadi. Talabalar real ish muhitida o‘z qiziqishlari va qobiliyatlarini sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa noto‘g‘ri kasb tanlash xavfini kamaytiradi.
Agar talabalar ma’lum bir vaqt davomida amaliyot o‘tagan bo‘lsa, bu ular uchun katta imkoniyat hisoblanadi. Buning uchun ular hamkasblar bilan faol muloqot qilish, rahbar bilan individual suhbatlar o‘tkazish hamda turli bo‘limlarda ishlashga ochiq bo‘lishlari ham lozim.
LinkedIn ma’lumotlariga ko‘ra, inson biror kompaniyada tanishi yoki professional aloqasi bo‘lsa, u yerga ishga kirish ehtimoli boshqalarga nisbatan qariyb 4 baravar yuqori bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, amaliyot davomida orttirilgan tanishlar — rahbarlar, hamkasblar yoki mentorlar kelajakda ish topishda hal qiluvchi omilga aylanishi mumkin. Ya’ni, amaliyot faqat tajriba emas, balki sizni ish bozoriga olib kiradigan real imkoniyatlar tarmog‘ini ham yaratadi.
Shuningdek, talabalar o‘z sohasidan tashqaridagi vazifalarda ham ishtirok etishga tayyor bo‘lishi kerak. Bu yangi qobiliyatlarni kashf etishga yordam beradi.
Umuman olganda, amaliyot (stajirovka) bugungi mehnat bozori sharoitida oddiy tajriba orttirish bosqichi emas, balki tizimli va strategik ahamiyatga ega jarayonga aylangan. U nafaqat nazariy bilimlarni amaliyotga tatbiq etish imkonini beradi, balki tobora kuchayib borayotgan “diplom inflyatsiyasi” sharoitida nomzodning real qiymatini ko‘rsatadigan asosiy signal vazifasini ham bajaradi. Ayniqsa, ish tajribasi talab qilinadigan, biroq tajribasizlar ishga kirishi qiyin bo‘lgan sharoitda bu juda muhim.
Amaliyot inson kapitaliga kiritilgan investitsiya bo‘lib, u bilimni real ko‘nikmaga, vaqtni esa kelajakdagi daromad va imkoniyatlarga aylantiradi. Shu bilan birga, amaliyot faqat texnik bilimlarni emas, balki zamonaviy mehnat bozori uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan moslashuvchanlik, muammoli vaziyatlarda qaror qabul qilish va tez o‘rganish kabi “soft skills”ni shakllantiradi. Eng muhimi, u yosh mutaxassisga o‘z karyera yo‘lini ongli ravishda tanlash, hatto noto‘g‘ri yo‘nalishdan erta voz kechish imkonini beradi.
Bundan tashqari, amaliyot ta’lim tizimi va mehnat bozori o‘rtasidagi uzilishni kamaytiruvchi vosita sifatida ham muhimdir. Universitet berayotgan nazariya bilan ish beruvchi kutayotgan natija o‘rtasidagi tafovut aynan amaliyot orqali qisqaradi. Shu bilan birga, u yashirin ish bozori — ochiq e’lon qilinmaydigan imkoniyatlar, ichki tavsiyalar va professional aloqalar tizimiga kirish eshigini ham ochadi. Bu esa ko‘pincha rasmiy tanlovlardan ko‘ra samaraliroq natija beradi.
Amaliyot yana bir jihatdan ham muhim: u har ikki tomon uchun riskni kamaytiradi. Ish beruvchi nomzodni oldindan sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘lsa, nomzod ham o‘ziga mos yoki mos emasligini aniqlaydi.
Mazkur material Forbes'da e’lon qilingan maqola asosida tayyorlandi.