Tajribasiz talabalar qanday qilib ish topishi mumkin?

So‘nggi yillarda oliy ta’limni tamomlagan yoshlarning mehnat bozoriga kirishi tobora murakkablashib bormoqda. Paradoks holat shundaki, ko‘plab ish e’lonlarida ish tajribasi talab qilinadi. Ya’ni, ishga kirish uchun tajriba talab qilinishi, tajriba orttirish uchun esa ish kerakligi talabalar uchun eng katta to‘siqlardan biri bo‘lib qolmoqda.


2025-yilda o‘tkazilgan global so‘rovga ko‘ra, yangi bitiruvchilarning 59 foizi to‘liq stavkali boshlang‘ich ish topish juda qiyinligini bildirgan. So‘rovda qatnashganlarning asosiy muammolari sifatida tajriba yetishmasligi (25%) va yuqori raqobat (24%) qayd etilgan. 


Bu raqamlar oliy ta’lim diplomi endi avtomatik ravishda ish bilan ta’minlanishni anglatmasligini ko‘rsatadi. Mehnat bozoridagi talab va ta’lim tizimi o‘rtasidagi nomutanosiblik, texnologik o‘zgarishlar hamda ish beruvchilarning o‘ta ehtiyotkor bo‘lib borayotgani yoshlar uchun yangi to‘siqlarni yuzaga keltirmoqda.


Xo‘sh, tajribasiz talabalar ish topishi uchun qanday samarali strategiyalar bor? 


Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ma’lum bir tajribaga ega bo‘lmagan talabalar uchun ish topishning eng samarali yo‘li — rasmiy ish tajribasi bo‘lmasa ham, amaliy faoliyat orqali o‘zini ko‘rsatishdir. 


Tajribasiz talaba uchun o‘zining akademik loyihalari yoki ko‘ngilli (volontyorlik) faoliyati davomida namoyon etgan yetakchilik qobiliyatini ko‘rsatish muvaffaqiyatning 50% ini tashkil etadi.  Demak, quyida tajribaga ega bo‘lmay turib ham ish topish mumkin bo‘lgan ayrim strategiyalarni ko‘rib chiqamiz.


Birinchi strategiya — amaliy loyihalar. Masalan, turli xil sohalar bo‘yicha o‘tkaziladigan loyihalarda qatnashgan talabalar ish beruvchilarga o‘z ko‘nikmalarini aniq ko‘rsatishi mumkin. Tadqiqotlar ish beruvchilar bunday faoliyatni tashabbus va real tajriba belgisi sifatida baholashini ko‘rsatgan. Ya’ni, talaba hali rasmiy ishda ishlamagan bo‘lsa ham, turli loyihalarda qatnashib o‘zining amaliy ko‘nikmalarini ko‘rsatishi mumkin. Ish beruvchilar esa buni tajriba sifatida qabul qiladi.


Ikkinchi strategiya — stajirovka. Talaba o‘qish davrida stajirovka yoki ishlab chiqarish amaliyotida qatnashsa, keyinchalik ish topish imkoniyati ancha yuqori bo‘ladi. Ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, amaliyot o‘tagan talabalarning ishga joylashish imkoniyati amaliyot o‘tamaganlarga nisbatan 70% ga yuqori.


Uchinchi strategiya — tarmoqlanish (networking). Mehnat bozoridagi ko‘plab ishlar rasmiy e’lonlardan ko‘ra professional aloqalar orqali topiladi. Ish beruvchilar ko‘pincha tanish yoki tavsiya orqali kelgan nomzodlarga ko‘proq ishonadi.


Masalan, talaba universitetda o‘qib yurgan paytida bir kompaniyada amaliyot o‘taydi yoki soha mutaxassislari bilan seminar, konferensiya yoki tadbirlarda tanishadi. Bir necha oy o‘tib o‘sha kompaniyada bo‘sh ish o‘rni paydo bo‘ladi. Kompaniya rahbari e’lon berishdan oldin tanishlaridan so‘raydi va kimdir: “Bizda amaliyot o‘tagan falon talaba bor edi, yaxshi ishlagandi” deb tavsiya qiladi. Natijada talaba ish e’loni chiqmasdan turib suhbatga chaqiriladi va ishga qabul qilinishi mumkin.


To‘rtinchi strategiya — raqamli iz va shaxsiy brending. Hozirgi zamonda ish beruvchi uchun siz topshirgan bir varaq qog‘oz (rezyume) yetarli emas. Ular sizni suhbatga chaqirishdan oldin, “Bu odam aslida kim?” degan savolga javob izlab, ijtimoiy tarmoqlaringizni, ayniqsa LinkedIn profilingizni kuzatishadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, 10 tadan 7 ta ish beruvchi nomzodni aynan internetdagi faolligiga qarab baholaydi.


Agar ish tajribangiz bo‘lmasa, nima qilishingiz kerak? Bunday vaziyatda sizning bajargan ishlaringiz to‘plami (portfoliongiz) ish beruvchilarga quruq gapdan ko‘ra kuchliroq ta’sir qiladi.


Masalan, dasturchi bo‘lsangiz yozgan kodlaringiz, dizayner bo‘lsangiz chizmalaringiz, pedagog bo‘lsangiz shaxsiy blogingizda yozib borayotgan maqolalaringiz “tajribangiz” o‘rnini bosadi.


Bugungi mehnat bozori shuni ko‘rsatmoqdaki, diplom endi ish topishning yagona kafolati emas. Tajribasiz talabalar endilikda ish beruvchilarga o‘z qobiliyatini amaliy faoliyat orqali ko‘rsatishi kerak bo‘ladi. 


Stajirovka o‘tash, turli loyihalarda qatnashish, professional tanishlar orttirish yoki raqamli platformalar bilan yaqindan ishlash orqali olingan tajriba ko‘pincha rasmiy ish tajribasi o‘rnini bosishi mumkin.

calendar icon 12-03-2026 12:23
Login