Biz odatda ish topish uchun vakansiya bo‘yicha e’lonlarni ko‘zdan kechiramiz, turli xil ish topish platformalari hamda Telegram kanallardagi bo‘sh ish o‘rni haqidagi e’lonlar bo‘yicha bog‘lanib, arizalar qoldiramiz.
Agar biz yuborgan rezyume HR xodimiga yoqsa suhbatga chaqirilamiz, ammo buning ehtimoli ham juda past. Xo‘sh, ish qidirishning boshqa, noodatiy usullari haqida eshitganmisiz?
Business Insider nashri e’lon qilgan maqolada ‘‘Strategik networking: ish e’lonlaridan oldin ish topish usullari’’ haqida so‘z boradi. Bugun Business Insider tomonidan e’lon qilingan ana shu maqoladagi qiziq mavzu haqida gaplashamiz.
Business Insider’ga ko‘ra ishga joylashish uchun navbatda turib, ariza topshirishdan ko‘ra, hali bo‘sh ish o‘rinlari e’lon qilinmasidan oldin ish beruvchilar bilan aloqalar o‘rnatish ancha samarali bo‘lishi mumkin.
Karyera qurish bo‘yicha mutaxassis Laura Labovichning fikricha, ish izlovchilar avval qaysi kompaniyada ishlashni istashlarini aniqlab olishi, o‘sha joydagi aloqalarini o‘rganishi va hali vakansiya e’lon qilinmasidan oldin u yerda odamlar bilan aloqalar o‘rnatishni boshlashi kerak.
“G‘alaba qozonish yo‘li — ariza topshirish emas. Bo‘sh ish e’lon qilinishidan avval kompaniya ichiga kirib oling. Aloqalar quring. Ichki odam bo‘lib oling”, - deydi Laura Labovich.
U shuni ta’kidlaydiki, agar siz ish e’lonini ko‘rib qolmaguningizcha kompaniyaga murojaat qilsangiz, ko‘pincha HR yoki recruiter sizni rasmiy onlayn ariza topshirishga yo‘naltiradi, hatto sizni allaqachon tanisalar ham. Bu esa sizni navbatda turgan boshqa raqobatchilar bilan bir xil darajaga tushirib qo‘yadi.
An’anaviy tarzda ish e’lonlariga juda ko‘p nomzodlar ariza yuboradi. Glassdoor ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rtacha korporativ ish e’loniga taxminan 250 nafar ish izlovchilar ariza qoldiradi, shulardan esa faqat 4–6 nafari suhbat bosqichiga o‘tadi va faqat bittasi ishga qabul qilinadi.
“Shuning uchun kimdir sizning rezyumengizni recruiter yoki HR’ga taqdim qilib, sizni boshqalardan ajratib ko‘rsatsa, bu juda katta afzallik bo‘ladi. Ish beruvchiga tanishlar orqali tavsiya etilish — ish topishda eng kuchli omil hisoblanadi.”, - deydi ekspert Rick Wargo.
Agar kompaniyadagi hali e’lon qilinmagan bo‘sh ish o‘rni uchun ariza topshirmoqchi bo‘lsangiz, oldindan aloqalar o‘rnatish juda muhim. Bunda siz shunchaki kompaniya ichidagi odamlar bilan bog‘lanib, ularning tajribalarini so‘rashingiz, “Bu yerda ishlash sizga yoqadimi?” yoki “Siz bu lavozimga qanday yetib bordingiz?” kabi savollar bilan suhbat boshlashingiz mumkin.
Agar suhbatdoshingiz kompaniyada yuqori lavozimda ishlasa va kelajakda siz bilan bevosita hamkor bo‘lishi mumkin bo‘lsa, suhbatni murakkablashtirmay, oddiy va erkin shaklda olib borish maqsadga muvofiq.
“Siz hali ish so‘ramoqchi emassiz, chunki hali bo‘sh ish ham yo‘q. Balki maslahat, tushuncha, tavsiyalarni so‘rang”, - Labovich shuni maslahat beradi.
LinkedIn ma’lumotlariga ko‘ra, hiring manager (ishga qabul qilish bo‘yicha qaror qabul qiladigan shaxs)ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xabar yuborish sizning ish taklifini olish imkoniyatingizni deyarli uch baravar oshiradi.
Xulosa qilib aytganda, kompaniya ichida aloqalarni oldindan yo‘lga qo‘yish — hozirgi kundagi murakkab va raqobat kuchli bo‘lgan mehnat bozorida ish topishning eng samarali strategiyalaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda ko‘plab ish izlovchilar faqatgina ariza topshirish bilan cheklanib, yuzlab nomzodlar orasida ko‘zga tashlanmay qolmoqda.
“Bugungi sharoitda ish topish faqat ariza topshirish bilan hal bo‘lmaydi — asosiy ustunlik kompaniya ichidagi aloqalarda.” — Laura Labovich.