“Kelajakka qadam” loyihasidan yangi imkoniyatlar

Ma’lumki, bitiruvchilar oldida ish topish, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish, yangi kasb egallash yoki o‘z loyihasini rivojlantirish kabi muhim maqsadlar bor. Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun esa “Kelajakka qadam” dasturi ularga yaqindan yordam beradi.

Bitiruvchilar uchun qanday imkoniyatlar bor?

Dastur dooirasida bir nechta yo‘nalishlar mavjud bo‘lib, ularning har biri yoshlarning turli ehtiyojlariga moslashtirilgan.

“Tadbirkorlikka ilk qadam”


Biznesga endigina qadam qo‘yayotgan yoki o‘zini o‘zi band qilishni rejalashtirayotgan bitiruvchi va yoshlar uchun mo‘ljallangan.

Ushbu kredit orqali:

  • 20 million so‘mgacha mablag‘ olish;

  • 18 oygacha muddatdan foydalanish;

  • 6 oygacha imtiyozli davrga ega bo‘lish mumkin.

Kredit foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasiga +1 foiz miqdorida belgilangan.

Bu imkoniyat kichik biznes g‘oyasini amaliyotga tatbiq etishni rejalashtirayotgan yoshlar uchun boshlang‘ich moliyaviy manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

“Biznes start”


O‘z biznesini boshlashni rejalashtirayotgan oliy ta’lim bitiruvchilari va yoshlar uchun yana bir imkoniyat — “Biznes start”.

Ushbu yo‘nalishda:

  • 300 million so‘mgacha kredit;

  • 5 yilgacha kredit muddati;

  • 1 yilgacha imtiyozli davr;

  • aylanma mablag‘lar uchun 36 oygacha muddat;

Markaziy bank asosiy stavkasiga +1 foiz miqdoridagi foiz stavkasi nazarda tutilgan.

Kredit oluvchidan direktor yoki ta’sischi bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, garov ta’minoti talab qilinadi, 100 million so‘mgacha bo‘lgan kreditlar esa sug‘urta polisi asosida ta’minlanishi mumkin.

“Biznes progress”


Faoliyatini kengaytirishni yoki yirikroq biznes loyihasini amalga oshirishni maqsad qilgan yosh tadbirkorlar uchun “Biznes progress” yo‘nalishi ham mavjud.

Ushbu kredit doirasida:

  • 2 milliard so‘mgacha kredit;

  • 7 yilgacha kredit muddati;

  • 2 yilgacha imtiyozli davr;

  • aylanma mablag‘lar uchun 36 oygacha muddat taqdim etiladi.

Foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasiga +1 foiz miqdorida. Mazkur yo‘nalishda kredit oluvchi direktor yoki ta’sischi bo‘lishi, kamida 2 ta ish o‘rni yaratishi talab etiladi.

Shuningdek, garov ta’minoti, ijobiy kredit tarixi va muddati o‘tgan qarzdorlikning mavjud emasligi kabi talablar ham mavjud.


“Talaba invest” 


Dastur doirasidagi yana bir muhim yo‘nalish — “Talaba invest” hisoblanadi. Ushbu kredittalaba va yoshlarni ish bilan ta’minlagan tadbirkorlik subyektlarini moliyalashtirishga qaratilgan.

Kredit shartlari:

  • 10 milliard so‘mgacha kredit;

  • 7 yilgacha muddat;

  • 2 yilgacha imtiyozli davr;

  • aylanma mablag‘lar uchun 36 oygacha muddat;

Markaziy bank asosiy stavkasiga +1 foiz. Muhim jihati shundaki, har bir 1 milliard so‘m qiymatgacha bo‘lgan mablag‘ uchun kamida 1 nafar bitiruvchini ishga qabul qilish talabi mavjud.

Shu sababli ushbu yo‘nalish nafaqat tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, balki yoshlarning bandligini ta’minlashga ham xizmat qilishi mumkin.

“Mening birinchi kasbim” 


Dastur doirasidagi “Mening birinchi kasbim” loyihasi oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarini kasbga tayyorlash jarayonlarini tashkil etish va moliyalashtirishga qaratilgan.

Bu esa oliy ta’limni tamomlagan, biroq qo‘shimcha kasb yoki amaliy ko‘nikmaga ega bo‘lishni istayotgan yoshlar uchun yangi imkoniyatlarni taqdim qiladi.

calendar icon 11-09-2026 14:47
Login