Profi University bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, ularning biznes tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida tavsiyanomalar berilmoqda. Mazkur loyiha orqali bitiruvchilarning o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi, yangi ish o‘rinlari yaratishi hamda mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi ko‘zda tutilgan.
2025-2026-o‘quv yilida loyiha doirasida 26 nafar bitiruvchiga tavsiyanoma berilgan bo‘lib, ular uchun jami 3 milliard 530 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilishi rejalashtirilgan. Kredit mablag‘lari miqdori 10 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha bo‘lib, bitiruvchilarning biznes loyihasi va faoliyat yo‘nalishiga qarab shakllantirilgan.
Loyiha doirasida qo‘llab-quvvatlanayotgan biznes tashabbuslari turli yo‘nalishlarni qamrab oladi. Xususan, kompyuter xizmatlari, IT va dasturlash studiyasi, onlayn savdo platformasi, o‘quv markazlari, tikuvchilik, qandolatchilik, hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish, xususiy maktabgacha ta'lim tashkiloti, restoran faoliyati, chorvachilik, savdo do‘koni hamda kompyuter o‘yinlari klubi kabi loyihalar moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, yirik investitsiya talab etadigan qurilish va xizmat ko‘rsatish loyihalari ham tavsiya etilgan.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, tavsiyanoma olgan bitiruvchilarning asosiy qismi Pedagogika va psixologiya, Iqtisodiyot, Boshlang‘ich ta'lim, Ingliz tili va adabiyoti, Maktabgacha ta’lim, Bank ishi va auditi, Maktab menejmenti hamda Rus tili va adabiyoti yo‘nalishlari bitiruvchilaridan iborat. Bu esa loyiha faqat iqtisodiyot yo‘nalishi emas, balki turli sohalarda tahsil olgan yoshlarning ham tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga xizmat qilayotganini ko‘rsatadi.
“Kelajakka qadam” loyihasi bitiruvchilarning ish izlovchidan ish beruvchiga aylanishiga ko‘maklashish, ularning biznes g‘oyalarini amaliy loyihaga aylantirish hamda hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiluvchi muhim tashabbuslardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
“Kelajakka qadam” loyihasi doirasida ushbu imtiyozli kreditdan foydalanish istagida bo‘lgan bitiruvchilar loyiha haqida quyidagi havola orqali batafsil ma’lumot olishlari mumkin - https://profikaryera.uz/projects/13